El boshiga ish tushganda
Koronavirus pandemiyasini oldini olishda respublikamiz boʻylab olib borilayotgan keng koʻlamli saʼy-harakatlarda imkonini topgan borki, qoʻlidan kelgancha yordam qoʻlini choʻzmoqda.
Bu kunlarni sabr matonat bilan yengib oʻtamiz…
Koronavirus pandemiyasini oldini olishda respublikamiz boʻylab olib borilayotgan keng koʻlamli saʼy-harakatlarda imkonini topgan borki, qoʻlidan kelgancha yordam qoʻlini choʻzmoqda.
Qashqadaryo viloyatining Yakkabogʻ tumanidagi Madaniyat qishlogʻida tashkil qilingan sendvich panelli tikuvchilik fabrikasi ham mana shunday ezgu va xayrli ishlarda faol qatnashmoqda.
Prezidentimizning 2019-yil 28-maydagi “Respublika hududlarida tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish va aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida 2019-yilning noyabr oyida ish boshlagan fabrika boʻz matosidan ekopaketlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
Karantin eʼlon qilinishigacha boʻlgan davrda korxonada kuniga 8 ming donagacha bejirim ekopaketlar ishlab chiqarilib, eksportga joʻnatilayotgan edi. Buning uchun korxonaga 83 dona zamonaviy tikuv mashinasi keltirilgan. Loyiha qiymati 2 milliard 300 million soʻmni tashkil qilgan korxonaning ishga tushishi natijasida Madaniyat qishlogʻidan 92 xotin-qiz ish bilan taʼminlangan.
Gap shundaki, mazkur tikuvchilik fabrikasi pandemiya davrida kuniga 10 ming dona tibbiy niqob va 1,5 ming donagacha himoya kombinzonlari ishlab chiqarib, buyurtmachilarga yetkazib bermoqda.
– Jamoamiz bilan koronavirus infeksiyasini oldini olish kabi xayrli ishlarga oʻz hissamizni qoʻshishga qaror qildik, – deydi korxona rahbari Rustam Ochilov. – Ishchilar sonini saqlab qolgan holda faoliyatimizni oʻzgartirdik, yaʼni tibbiy niqob va himoya kombinzoni ishlab chiqarishga oʻzgartirdik. Mahsulotlarimizni nafaqat viloyatimiz, balki qoʻshni viloyatlarga ham tarqatmoqdamiz. Maqsadimiz xalqimiz salomatligini muhofaza qilishga koʻmaklashish va bu yoʻlda bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Bu ham xalqimiz boshiga tushgan bir sinov. Albatta bu kunlarni sabr va matonat bilan yengib oʻtamiz.