El boshiga ish tushganda
Dunyo boʻylab yoyilgan koronavirus pandemiyasi insoniyat uchun katta xavf tugʻdirib, butun hamjamiyatni jiddiy tashvishga soldi.
Barchamizning boshimizga tushgan sinovli kunlar ota-bobolar udumini qadrlash, ularga amal qilish kerakligini eslatdi
Dunyo boʻylab yoyilgan koronavirus pandemiyasi insoniyat uchun katta xavf tugʻdirib, butun hamjamiyatni jiddiy tashvishga soldi. Afsuski, chegara bilmas, millat tanlamas bu infeksiya mamlakatimizni ham chetlab oʻtayotgani yoʻq.
Koʻzga koʻrinmas balo garchi insoniyatni bir-biridan ajratib, erkin muloqot qilishini cheklab qoʻygan boʻlsa-da, barchamizdan boshimizga tushgan ogʻir va sinovli kunlarda ota-bobolar udumini qadrlash, ularga amal qilish kerakligini eslatdi.
Prezidentimiz yuzaga kelgan vaziyatda xalqimizga uch marotaba murojaat bilan chiqib, “...sinovli kunlarda qattiqqoʻllik va tartib intizom boʻlsa, biz albatta bu ofatni yengamiz. Koronavirus mahallamizga, koʻchamizga, uyimizga, oilamizga kirmasligi uchun oʻzimiz masʼulmiz”, degan daʼvatlari barchamizni ogohlikka, qatʼiy intizom va ulkan masʼuliyat bilan yondoshishga undadi.
Tarixdan maʼlumki, xalqimiz koʻplab ogʻir va sinovli kunlarni mardanovor yengib oʻtgan. Ocharchilik, qahatchilik vaqtida ham bir mayizni qirq boʻlib baham koʻrgan. Qiyinchiliklarni metin iroda, yuksak maʼnaviyat bilan yengan. Yurtimizda yuz bergan epidemiologik vaziyatga qarata aytilgan “...eng katta em dori tartib intizom, eng katta em dori bu — xotirjamlikdir, ehtiyotkorlik, ogohlikdir”, degan soʻzlar yuz berayotgan jarayonlarda bizni yana bir bor xushyor boʻlib chuqur mushohada yuritishga chaqiradi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, bugungi epidemiologik vaziyatda avvalombor hamjihatlikni, karantin qoidalariga qatiy rioya etishni oilamizdan boshlashimiz lozim. El boshiga ish tushgan shu kunlarda har-bir ota-ona farzandi bilan birga boʻlish, ular uchun koʻproq vaqt ajratish, eng muhimi taʼlim-tarbiyasi bilan shugʻullanish uchun qulay imkoniyat mavjudligini his etishi kerak. Shu sababli sinovli bu damlardan samarali foydalangan holda uyda kitobxonlikni yoʻlga qoʻygan inson oilasidagi boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazib, farovon kelajagimiz uchun mustahkam poydevor yaratgan boʻladi.
Menga koʻpdan buyon bir ichki kechinma sira tinchlik bermaydi. Bugun kunu-tun xizmat qilayotgan tibbiyot, ichki ishlar, favqulotda vaziyatlar xodimlari, harbiy xizmatchilar tinim bilmay pandemiyaga qarshi kurashayotgan bir paytda nahotki, ayrim yurtdoshlarimiz karantin qoidalarini buzib, nafaqat oʻz sogʻligi, balki yaqinlarining sogʻligiga rahna solishini anglab yetmayotgan boʻlsa? Sizu-bizdan koʻp narsa talab qilinmayapdi-ku?! Qatʼiy tartib-intizom, karantin qoidalariga amal qilish soʻralayapdi, xolos. Nahotki, karantin qoidalarini buzayotgan odamlar epidemologik vaziyatda vaqtincha uyda oʻtirib, insonlar bilan yaqin muloqot qilishni cheklab turishi shunchalik qiyin boʻlsa-ya!
Koʻrinmas bu ofat bilan kurashda albatta, biz gʻalaba qilamiz.
Nargiza RAHMATULLAYEVA,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi Surxondaryo viloyati boʻlimi rahbari