Ekstremizmga qarshi kurashishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlanadi
Bugungi kunda qonunchiligimizda faqatgina diniy ekstremistik harakatlarga jazo choralari ko‘zda tutilgan. Ammo milliy, irqiy, siyosiy, diniy adovat qo‘zg‘atish kabi ekstremizm turlari jazosiz qolmoqda.
Endilikda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ekstremizmga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bilan Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga jamoat xavfsizligi va tartibiga tahdid soluvchi materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralarini takomillashtirish nazarda tutilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ushbu qonun loyihasi muhokama qilindi. Ta’kidlanganidek, bugungi kunda ekstremistik va terrorchilik tashkilotlari axborot texnologiyalari hamda internet tarmoqlaridan faol foydalanib, ayniqsa, yoshlarni zo‘ravonlik va radikal g‘oyalarga jalb etishga urinayotgani kuzatilmoqda. Shu bois, amaldagi qonunchilikni zamon talablari asosida takomillashtirish, profilaktika chora-tadbirlarini kuchaytirish, mas’ul idoralar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash dolzarb vazifa hisoblanadi.
Mazkur qonun loyihasi mamlakatimizda tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash, ekstremistik g‘oyalar tarqalishining oldini olish, yoshlarni turli zararli ta’sirlardan himoya qilishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
“Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunga ekstremizmning oldini olish, bu haqda xabar bergan shaxslarni rag‘batlantirish va himoya qilish, tashkilotlarni ekstremistik deb e’tirof etish tartiblarini huquqiy jihatdan mustahkamlashga qaratilgan normalar kiritilmoqda. Ekstremizmga qarshi kurashish turlari, ekstremistik jinoyatlar sodir etgan jinoyatchilarga cheklovlar o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda.
Bundan tashqari, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”, “Axborotlashtirish to‘g‘risida”, “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to‘g‘risida”, “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Aholi bandligi to‘g‘risida”, “Noshirlik faoliyati to‘g‘risida” hamda “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonunlarga ham tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilyapti.
Qonun loyihasining qabul qilinishi ekstremizm va radikalizmga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish, profilaktika ishlari samaradorligini oshirish hamda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasining dolzarbligi e’tirof etilgan holda birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA