Ekopartiya aksiyasi keng quloch yoymoqda
O‘zbekiston Ekologik partiyasi markaziy kengashi raisi Narzullo Oblomurodov boshchiligida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi.
Jizzax shahar hokimi Komil Xolmurodov hamrohligida shahardagi 34 mahallada amalga oshirilgan obodonlashtirish-ko‘kalamzorlashtirish hamda bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi. Mahalliy aholi vakillari, mutasaddilar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotlar chog‘ida Ekopartiya rahbari davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda aholi farovonligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar, partiyaning asosiy ustuvor maqsad va vazifalari xususida ma’lumot berib, aholining ekologik savodxonligini, mas’uliyatini oshirishga qaratilgan amaliy tadbirlarni ko‘paytirish, har bir inson ekologik barqarorlikni ta’minlashga o‘z hissasini qo‘shishi lozimligini ta’kidladi.
Ekopartiya tashabbusi bilan mahallalarda jamoatchilik ishtirokida hasharlar tashkil etilib, turar joy binolari atroflari tartibga keltirilib, obodonlashtirildi. Yo‘laklar, ariqlar chiqindilardan tozalandi, piyodalar yo‘laklarida ta’mirlash ishlari olib borildi. Daraxt va gul ko‘chatlari ekilib, mavjudlariga shakl berildi. Shuningdek, suv chiqarish ishlari tashkil etilib, aholi o‘rtasida atrof-muhit musaffoligining, tozalik va poklikning inson salomatligini asrashdagi o‘rni va roli xususida tushuntirish ishlari amalga oshirildi.
Shundan so‘ng rahbarlar, deputatlar shaxsiy namuna ko‘rsatib “Obod” mahallasi hududida joylashgan “Xotira xiyoboni” hududidan oqib o‘tuvchi ariqlarni tozalash ishlarida qatnashdi. Aksiya doirasida bir necha yillar davomida e’tibordan chetda qolgan ariqni tuproqlardan tozalash ishlari amalga oshirildi.
E’tiborlisi, ushbu tashabbus jizzaxliklar tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olinib, boshlangan xayrli ish uyushqoqlik bilan davom ettirilmoqda.