Ekonometrik tahlil: xotin-qizlar iqtisodiy faolligini qaysi omillar belgilaydi?
“Oila va gender” ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan joriy yilning fevral-iyun oylarida O‘zbekistonda xotin-qizlarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan kompleks tadqiqot o‘tkazildi.
Ushbu institut axborot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, tadqiqot doirasida o‘tkazilgan ekonometrik tahlil urbanizatsiya darajasi, xizmatlar sohasining rivojlanishi va ishsizlik ko‘rsatkichi xotin-qizlarning iqtisodiy faolligi bilan statistik jihatdan ahamiyatli bog‘liq ekanligini ko‘rsatdi.
Tahlil natijalariga ko‘ra, urbanizatsiya darajasining 1,0 foizga ortishi xotin-qizlar iqtisodiy faollik darajasining 1,95 foizga oshishi bilan bog‘liq. Shuningdek, xizmatlar sohasining 1,0 foizga kengayishi xotin-qizlar iqtisodiy faollik darajasining 17,7 foizga oshishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ishsizlik darajasining 1,0 foizga ortishi esa xotin-qizlar iqtisodiy faolligining 2,5 foizga pasayishi bilan bog‘liq.
Ushbu natijalar xotin-qizlar bandligini oshirishni faqat alohida ijtimoiy loyihalar doirasida hal etib bo‘lmasligini ko‘rsatadi. Barqaror va uzoq muddatli natijaga erishish uchun shahar va qishloq infratuzilmasini kompleks rivojlantirish, xizmatlar sohasida barqaror, munosib haq to‘lanadigan va kasbiy o‘sish imkonini beruvchi ish o‘rinlarini ko‘paytirish, shuningdek, ishsizlikni qisqartirishga qaratilgan tizimli iqtisodiy siyosatni amalga oshirish zarur. Aynan shunday yondashuv xotin-qizlarning mehnat bozoridagi ishtirokini kengaytirish, ularning daromad manbalarini barqarorlashtirish va iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Usmonova, O‘zA