Ekologiya tizimida muammolar koʻpmi?
O‘zA KUZATUVI: O‘zbekiston amaldorlari hafta davomida qanday ishlar bilan shug‘ullandi?
Mamlakatimizda daraxtlar kesilishi eng og‘riqli va ayni paytda unga qarshi amaldagi kurash uslublari yetarli bo‘lmayotgan masalalardan biridir.
Ma’lumki, sohada yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar sababli, o‘tgan yili ekologiya sohasida ko‘plab muammolar to‘planib qolgani aniqlangan. Jumladan, hududlarda «yashil maydon"lar 3−4 baravarga qisqarib, o‘rtacha 8 foizdan kamayib ketgan. So‘nggi 4 yilda sanoat korxonalari 2 baravarga ortib, shaharlarda chang-gaz miqdori me’yordan 4 baravar oshgani, yer usti va osti suv sathining keskin pasayishi oqibatida salbiy holatlar yuzaga kelgan.

Atmosferaga tashlanmalarning 90 foizi Toshkent, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Qo‘qon, Navoiy, Buxoro, Chirchiq, Angren, Olmaliq, Bekobod, Guliston va Nukus shaharlariga to‘g‘ri kelishi kuzatilgan. Bundan tashqari, hududlarda maishiy chiqindilarni xususiy sheriklik asosida boshqarish bo‘yicha reja qilingan 62 ta loyihadan bor-yo‘g‘i 15 tasiga tadbirkor jalb qilingan.
Xo‘sh, bu muammolarni yaqindagina Davlat ekologiya qo‘mitasiga rais bo‘lgan Narzullo Oblomuradov yecha oladimi?
Davlat ekologiya qo‘mitasining telegram kanalida e’lon qilingan ma’lumotlarga tayanib, qo‘mita raisi N.Oblomuradovning bir haftalik faoliyatiga nazar soldik.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yil 25 yanvar rais Oblomuradov hududiy bo‘linmalarining matbuot xizmati xodimlari, soha vakillari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi.
Uchrashuvda matbuot xizmatlarining jurnalist va blogerlar bilan hamkorligi, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari fikrlarini e’tiborga olgan holda taqdim etiladigan ma’lumotlarning sifat darajasini oshirish bilan bog‘liq masalalar tahlil qilingan.
Daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazishda jarimalar belgilab qo‘yilgan bo‘lsa-da, hafta davomida yana shu kabi qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan.

28 yanvar kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi tashabbusi bilan Toshkent shahrida ekologik reydga start berilgan.
N.Oblomuradov boshchiligida Ekologiya va Ekopatrul inspektorlariga hududlarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar bilan tanishgan.
Reyd davomida qo‘mita raisi ishtirokida poytaxtning Uchtepa, Olmazor, Yashnobod, Mirzo Ulug‘bek, Mirobod, Yakkasaroy, Yunusobod kabi tumanlarida ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi muammolar aniqlangan va tegishli choralar amalga oshirilgan.
29 yanvar kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N. Oblomuradov Samarqand shahridagi Imom al-Buxoriy majmuasining yangi loyihasi va hududda olib borilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishgan. Qo‘mitaning tashabbusi bilan mazkur majmua atrofida o‘rtacha 25 gektar yer maydonda yashil hudud barpo etilib, chet eldan keltirilgan past bo‘yli qimmatbaho turdagi manzarali va butasimon daraxtlar ekish ishlari rejalashtirilgan.

Shuningdek, Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi N.Oblomuradov Samarqand viloyati IIB patrul post xizmati binosida ekopatrul xodimlari bilan uchrashgan.
Uchrashuvda joylarda aniqlangan qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga vazifalar belgilab berilgan.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, o‘tgan hafta davomida ijtimoiy tarmoqlar orqali davlat zaxira yeridan 60m³ yulg‘un o‘simligini noqonuniy ravishda olib ketish, daraxtlarni noqonuniy kesilishi oqibatida tabiatga yetkazilgan zarar va bezak sifatida foydalanilgan tirik baliqlarga oid ma’lumotlar tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Eslatib o‘tamiz, bundan oldin mazkur loyiha asosida quyidagi materiallar e’lon qilingan edi:
Bir haftadan buyon loy ko‘chalarni kezib yurgan vazir
KUNU TUN ISHLAGAN VAZIRLIK
Vazirning birinchi o‘rinbosari o‘tgan hafta qanday yumushlar bilan band edi?
Vazir yarim tunda aholi xonadonlariga kirib, issiqlik ta’minotining sifati bilan tanishdi
Buxoro — Navoiy cho‘llarini bir haftadan buyon bitta vazir kezib yuribdi
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA