Ekologiya sohasida strategik hamkorlik
O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida ekologik sohadagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiquvchi muhim memorandum imzolandi.
Davlat ekologik ekspertizasi markazi hamda Xalqaro ekologik ta’sirni baholash assotsiatsiyasining Italiya ofisi (IAIA) o‘rtasida tuzilgan kelishuv atrof-muhitga ta’sirni baholash tizimiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish va sohadagi mutaxassislar salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Tantanali marosimda Davlat ekologik ekspertizasi markazi bosh direktori G‘.Muxamedov, IAIA Italiya ofisi prezidenti J.Magro, Italiya Ekologiya va energetika vazirligi hamda YeXHT vakillari ishtirok etdi.
Memorandum IAIA tomonidan ilgari surilgan “Permitting 5.0” xalqaro konsepsiyasi va Ekologik boshqaruv platformasi doirasida amalga oshiriladi. Ushbu tashabbus ekologik baholash jarayonlarining shaffofligi, sifati va samaradorligini xalqaro standartlar darajasiga olib chiqishni maqsad qilgan.
Hamkorlik doirasida ekologik hujjatlarni tahlil qilish, loyihalarni dastlabki baholash va ularning kumulyativ ta’sirini prognozlash jarayonlarini avtomatlashtirish uchun sun’iy intellekt vositalarini joriy etish rejalashtirilgan. Shuningdek, ekologik ekspertiza sohasida innovatsion texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish, milliy metodologiya va qo‘llanmalar ishlab chiqish, mutaxassislar uchun xalqaro trening va malaka oshirish dasturlarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Besh yillik muddatga mo‘ljallangan mazkur memorandum tomonlarning uzoq muddatli strategik maqsadlari mushtarak ekanini ko‘rsatadi. Mutaxassislarning fikricha, ushbu tashabbus O‘zbekistonda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish, investitsiyaviy jozibadorlikni oshirish va ekologik boshqaruvning zamonaviy modellarini joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA