Ekologik diplomatiya va yoshlar tashabbusi
Bugungi ekologik sharoitda yashil kelajak sari hamkorliklarni kuchaytirish, aholi va yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish dolzarb ahamiyat kasb etadi. Bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan qator hamkor tashkilotlar bilan birgalikda turli ko‘rinishdagi targ‘ibot tadbirlari tashkil etilmoqda.
Xususan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zbekiston Ekologik partiyasi, Xalqaro yoshlar ekologik qo‘mitasi hamda Yoshlar parlamenti hamkorligida “Yashil kelajak: Ekologik diplomatiya va yoshlar tashabbusi” mavzusida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir ekologik muammolarga befarq bo‘lmagan, kelajak uchun mas’uliyatni his etadigan yoshlarni bir maydonga jamladi. Muloqot davomida ekologik madaniyatni shakllantirish, yoshlarning global ekologik jarayonlardagi o‘rni, shuningdek, atrof-muhitni ko‘rinmas xavflardan asrash kabi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar ekologik diplomatiyaning bugungi kundagi ahamiyati, yoshlar tashabbuslarining jamiyat taraqqiyotidagi o‘rni hamda har bir fuqaroning ekologik mas’uliyati haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Ayniqsa, “Kichik batareyka — katta xavf: Atrof-muhitni "ko‘rinmas" zaharlanishdan asrash” ma’ruzasi orqali atrof-muhitga zarar yetkazuvchi omillar haqida keng tushuntirishlar berildi.
Uchrashuvda ishtirokchilar yashil kelajak uchun bugundan harakat qilish, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish, yoshlarning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash borasida o‘zaro fikr almashdi.
M.Komilova,
O‘zA