Ekofraksiya a’zolarining saylov okruglaridagi uchrashuvlari qanday kechdi?
Qonunchilik palatasi Reglamentiga muvofiq, 2026-yil 24-28-mart kunlari Qonunchilik palatasi deputatlari saylov okruglarida saylovchilar bilan navbatdagi uchrashuvlarni o‘tkazdi.
Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining 15 nafar a’zosi ham hududlarda bo‘lib, islohotlar mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, davlat tashabbuslarini targ‘ib qilish va joylardagi muammolarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratdi.
Deputatlar tomonidan 81 ta mahalla va 31 ta xonadonda muloqotlar o‘tkazilib, 84 ta ijtimoiy ob’ekt, 22 ta tadbirkorlik sub’ekti va 14 ta tashkilot faoliyati o‘rganildi. Jami 232 ta uchrashuvda 3200 nafar fuqaro, jumladan 90 nafar tadbirkor ishtirok etdi.
Navro‘z bayrami tadbirlari hamda "Yashil makon" umummilliy loyihasi doirasidagi ko‘kalamzorlashtirish ishlarida faol ishtirok etilib, aholining ekologik madaniyatini oshirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Joylarda asosan ekologiya, ichimlik suvi, infratuzilma masalalari ko‘tarilib, ularni hal etish bo‘yicha amaliy choralar belgilandi.
Quvonarlisi, bu gal tashabbusli byudjet jarayonlari doirasida aholi uchun muhim bo‘lgan, ammo yetarli ovoz to‘plamagan loyihalar qayta o‘rganilib, ichki yo‘llarni ta’mirlash, maktablar va kommunal infratuzilmani yaxshilash kabi ustuvor yo‘nalishlar saralab olindi.
Jami 62 ta sayyor qabul o‘tkazilib, 46 ta masala ko‘tarildi. Ularning asosiy qismi ekologiya, kommunal xizmatlar, bandlik va ijtimoiy sohaga oid bo‘ldi. Ko‘rilgan choralar natijasida 11 ta masala joyida hal etildi, qolganlari tegishli darajalarda nazoratga olindi.
Amaliy natijalar sifatida Namanganda chiqindilar muammosi hal etildi, elektr ta’minoti yaxshilandi, Andijonda fuqarolar ish bilan ta’minlandi, Samarqandda ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash ishlari boshlandi.
Xalq vakillarining bu kabi amaliy uchrashuvlari aholi muammolarini aniqlash va ularni hal etish, shuningdek, islohotlar samarasini joylarda ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Muhtarama Komilova, O‘zA