"Eko-debat" — yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan yangi loyiha
O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan "Eko-debat" loyihasi yo‘lga qo‘yilmoqda. Mazkur tashabbusdan maqsad yoshlarning ekologik bilim va madaniyatini yuksaltirish, ularda ekologik muammolarga nisbatan faol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, shuningdek, tahliliy fikrlash, mulohaza yuritish va munozara olib borish ko‘nikmalarini rivojlantirishdan iborat.
Darhaqiqat, bugun ekologiya yo‘nalishida yuzaga kelayotgan ko‘plab muammolar bu sohada aholining, ayniqsa, yoshlarning ekologik bilim va qarashlarini boyitishni, eko-madaniyatini yuksaltirishni taqozo etadi. Bu borada O‘zbekiston Ekologik partiyasi tomonidan qator loyihalar, ko‘rik-tanlovlar, turli tadbirlar, uchrashuvlar tashkil etib kelinmoqda. "Eko-debat" navbatdagi qadam sifatida yurtimiz yoshlarini birlashtirish, ekologik masalalarga ularning e’tiborini qaratish, tabiatga nisbatan mas’uliyatini oshirishga qaratilgan.

Loyihani yuqori saviyada tashkil etish maqsadida O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlarining yoshlar, xotin-qizlar hamda ommaviy axborot vositalari bilan ishlashga mas’ul xodimlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, loyihani amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Loyihani barcha hududlarda tizimli va samarali tashkil etish, ishtirokchilarni saralash, baholash mezonlariga qat’iy amal qilish hamda tanlov jarayonlarini ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkazish bo‘yicha mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA