Ehtiyot bo‘ling, sifatsiz kompyuterlar ko‘paymoqda!
Bugun ko‘p tarmoqlar qatori bozorlar ham rivojlandi. Ammo, asrlar o‘tsa-da, bozordagi savdogar va xaridor o‘rtasidagi muammolar hanuz tugagani yo‘q...
So‘ngi kunlar bozorda uchrayotgan aksariyat muammolardan biri esa maishiy texnika vositalarining nosozligi bilan bog‘liq. Quyida bir nechta misollarni ko‘rib chiqamiz:
Masalan, Namangan viloyatida yashovchi Dilmurod Vohidov “Medan” maishiy texnika do‘konidan kompyuter sotib olgan, afsuski, yaxshi niyatlarda olingan kompyuter nosoz chiqqan.
U kompyuterni almashtirishga olib borganda esa do‘kon xodimlari uni ta’mirlab berishini aytgan, ammo fuqaroni ta’mir holati ham qoniqtirmagan.
Oqibatda, bundan norozi fuqaro Namangan shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga ariza qoldiradi. Jamiyat xodimlari do‘koni ish ishyurituvchisi va murojaatchi bilan bevosita suhbatlashib, “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunda bu kabi holatlarga qanday yondashish lozimligini tushuntirgan.
Suhbat so‘ng, iste’molchi talabi qondirilib, o‘sha kunning o‘zida uning mablag‘i qaytarib berildi.
Toshkent viloyatida yashovchi Otabek Norchayev ham Yunusobod tumanidagi do‘konlarning biridan kompyuter sotib olgandi. Ammo ko‘p o‘tmay, bu kompyuter ham ishlatilgani ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng iste’molchi Federatsiyaning ishonch telefoniga murojaat qilib, muammosini yechishda amaliy yordam berishlarini so‘raydi. Mazkur murojaat Shayxontohur tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan ijobiy hal etilib, fuqaroga yangi kompyuter jamlamasi olib berildi.
Yana bir shunday muammo Islom Qayumov bilan ham yuz berdi. U “Malika” savdo majmuasidan 7500000 so‘mlik noutbukni bir yillik kafolat muddati bilan xarid qiladi. Ammo qisqa vaqtda noutbuk ishlamay qoladi. U do‘koniga mazkur masalada murojaat qilsa-da, muammo yechim topmaydi.
Holatdan norozi bo‘lgan Islom Qayumov Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasiga murojaat qilib, ariza qoldirgan. Ariza jamiyat xodimlari tomonidan o‘rganilib, noutbuk do‘kon tomonidan ta’mirlab berildi.
Gulnoza Sharafova,
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini
himoya qilish federatsiyasi matbuot xizmati xodimi