Fermerni termizliklar yaxshi biladi.
Termiz tumanidagi “Surxon vohasi” fermer xoʻjaligi rahbari, xalq deputatlari Surxondaryo viloyati kengashi deputati Risolat Mamatqulova “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatiga qoʻshilib, uchta mahalladagi kam taʼminlangan oʻttizta oilaga zarur oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berdi.
Fermerni termizliklar yaxshi biladi. U nafaqat mahsulot yetishtirishni chuqur egallagan dehqon balki, saxovatpesha ayol sifatida ham tanilgan. Borini mahalladoshlari bilan baham koʻrishga odatlangan. Hozirgi sinovli kunlarda ham R.Mamatqulova ana shu fazilatlarini keng namoyon etib, Chegara, Manguzar va Joʻyjangal mahallalarida yashaydigan, karantin davrida oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyojmand boʻlib qolgan oʻttizta oilaga beminnat yordam qoʻlini choʻzdi.

– Koʻzga koʻrinmas ofat insoniyatni jiddiy sinovdan oʻtkazmoqda,deydi R. Mamatqulova. – Bunday paytda qiynalib qolgan odamlarga shunchaki eʼtiborsizlik bilan qarab boʻlmaydi. Xoʻjaligimiz qaddini tiklab olganidan buyon har yili kam taʼminlangan va nogironligi boʻlgan oilalarga yordam berib kelamiz. Turli bayramlar va Ramazon, Qurbon hayitlari arafasida ehtiyojmandlarni yoʻqlab, imkon darajasida koʻnglini koʻtarishga odatlanganmiz.
Bu yilgi Ramazon oyida ham hech kim bizga falon kishidan xabar oling, oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib bering, deb aytgani yoʻq. Oʻz imkoniyatimizdan kelib chiqib, “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakatiga qoʻshildik. Muborak oy oldidan bu tashabbusning qanot yozgani ayni muddao boʻldi. Ajdodlarimiz ehtiyojmandlarga saxovat baraka kalitidir, deb bejiz aytmagan. Yerga halol mehnat qilib, topganingizning bir qismini muhtojlarga ulashsangiz, yer ham saxovatini sizdan ayamaydi. Bu hayotda oʻz isbotini topgan haqiqat.

Shu kunlarda fermerning dalasida barcha yumushlar karantin qoidalariga qatiy rioya etilgan holda ilgʻor agrotexnik tadbirlar asosida olib borilmoqda. 35 gektar maydondagi gʻalla baravj rivojlanib, boshoqlab qoldi. Sugʻorish, mahalliy va mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirish ishlari qizgʻin davom etayotir. 18 gektar maydonga yaxshi niyatlar bilan qadalgan chigit bir tekis undirib olindi. Shu kunlarda baravj oʻsayotgan nihollar qator orasiga ishlov berilib, oziqlantirilmoqda. Shuningdek, parvarishlayotgan 8 quti ipak qurtidan ham moʻl hosil olishga puxta taraddud koʻrayotir.
Saxovatpesha fermerning yer haydab, agat oladigan, tashiydigan texnikalari yetarli. Dalasida 15 kishi doimiy ish bilan taʼminlangan. Bugungi sharoitdan kelib chiqib, yana 25 nafar ishsiz ayollar va yoshlarning bandligi taʼminlandi. Risolat Mamatqulovaning bu borada amalga oshirayotgan barcha ishlari hududda koʻmakka muhtoj oilalarni aniq, manzilli qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatli boʻlmoqda.