Ehtiyojmandlarga bayram shukuhi ulashib..
Mustaqilligimizning 31 yillik bayrami arafasida “Mahalla” xayriya jamoat fondi Surxondaryo viloyati bo‘limi urush va mehnat faxriylari, yolg‘iz qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va kam ta’minlangan oilalar uchun “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etmoqda.
Termiz shahridagi “Matbuot uyi”da “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi va tuman, shahar bo‘linmalari mutasaddilari, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlarini jamlagan tadbir ham ana shu shior ostida o‘tkazildi.

Unda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi boshqaruvi raisi X.Samadov mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish, kam ta’minlangan, yordamga muhtoj oilalalarni qo‘llab-quvvatlash yangi bosqichda rivojlanayotganini ta’kidladi. Mahallalarda joriy etilgan “Temir daftar”, “Ayollar”, “Yoshlar daftar”lari kambag‘allikni qisqartirib, odamlarning munosib turmush kechirishiga ko‘maklashayotganini qayd etdi. Ishtirokchilarni eng ulug‘, eng aziz bayramimizning muborak 31 yilligi bilan tabrikladi.

Tadbirda ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalarning bir guruh vakillariga pul mablag‘lari, bir guruhining farzandlari uchun maktab formalari tuhfa qilindi.

–Yolg‘iz onaman, – deydi Angor tumanidagi Farovon mahallasida yashovchi N. Mamatova. – Ikki farzandni kamolga yetkazayapman. Mustaqillik bayramimizni yanada to‘kin dasturxon atrofida o‘tkazadigan bo‘ldik. bugungi tadbirda boshqalar qatori menga ham “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan bayram sovg‘asiga pul mablag‘i berildi. Buning uchun bizni ulug‘ ayyomlar arafasida tez-tez yo‘qlab, moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlayotgan davlatimizdan behad minnatdormiz.

Tadbir doirasida viloyatdagi o‘nta mahalla fuqarolar yig‘iniga zamonaviy kompyuter jamlanmasi va o‘nta mahalla idorasiga mebel jihozlari tantanali topshirildi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA