Ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam pullari ulashildi
Mamlakatimizda aholining ehtiyojmand qatlamini ijtimoiy himoya qilish doimiy e’tiborda. Xususan, Prezidentimizning 2021 yil 21 dekabrdagi “Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash va ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori oilalarning turmush darajasini oshirish va Yangi yil bayramini ko‘tarinki ruhda nishonlashini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur qaror ijrosi doirasida Pop tumanida Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov boshchiligidagi viloyat, tuman sektor rahbarlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi hamda Pensiya jamg‘armasi mutasaddilari ishtirokida kam ta’minlangan oilalarga belgilangan pul mablag‘lari, Yangi yil sovg‘alarini tarqatildi.
Viloyat hokimi tuman markazidagi Abdulla Qahhor nomidagi mahalla fuqarolar yig‘ini, “Do‘stlik” shirkatidagi ko‘p qavatli uyda istiqomat qiluvchi uch farzandning onasi Elmira Egamberdiyeva xonadonida bo‘lib, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Yangi yil munosabati bilan bayram tabrigini yetkazdi. Xonadon sohibiga pul mukofoti, kundalik turmushdagi zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari, bolajonlarga sovg‘alar taqdim qilindi.
[gallery-5278]
Tumandagi Hamid Olimjon, Iftixor, Alisher Navoiy, Abdulla Qahhor mahallalarida yashovchi kam ta’minlangan, “Temir daftar”ga kiritilgan oilarning boshlang‘ich sinflarda o‘qiydigan sakkiz nafar farzandiga sektor rahbarlari tashabbusi bilan qishki kiyimlar va bayram sovg‘alari ulashildi.
Tuman markazidan 40-50 km olisdagi manzillarda joylashgan G‘urumsaroy va Chodak qishloqlarida yashovchi ayrim toifadagi oilalarga ham yordam pullari yetkazildi.
– Tog‘li hududda yashovchi biz, qishloq ahli Yangi yilni yaxshi kayfiyatda qarshi oladigan bo‘ldik, – deydi Oltinkon mahallasida yashovchi Zulfiya Ziyoviddinova. – Pul mukofoti, sovg‘alar, ro‘zg‘orimizga kerakli mahsulotlargacha berib ketishdi. Ertangi kunga ishonchimiz ortdi.
Davlatimiz rahbarining qarori ijrosi asosida Chortoq tumanida ham “Temir daftar”ga kiritilgan, 18 yoshgacha farzandlari bor boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi yoki nafaqasini oluvchi, nogironligi bo‘lgan 18 yoshgacha bolasi bo‘lgan oilalarning har biriga 800 ming so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘lari yetkazilmoqda.
Yangi yil bayrami oldidan To‘raqo‘rg‘on tumanida kam ta’minlangan oilalar Yangi yil sovg‘alari, pul mukofotlarini oldi.
– Turmush o‘rtog‘im ikki marta og‘ir operatsiyani boshdan kechirdi, – deydi Sharq mahallasida yashovchi Azimjon Vaqqosov. – Borimizni sarflab turganimizda Prezidentimizning sovg‘alari juda asqotdi. Bayram dasturxonimiz ham to‘kin bo‘ladigan bo‘ldi. Minnatdormiz, inson qadri ulug‘langan shu yurtda yashayotganimizga ming shukr.
Pensiya jamg‘armasi viloyat boshqarmasidan ma’lum qilinishicha, Namanganda qaror asosida 22 ming 661 ta oilaga yordam pullari taqdim etiladi. Bir martalik moddiy yordam pullari egalariga 30 dekabrga qadar yetkazib beriladi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA