Ehtiyojmand oilalarga bepul ko‘mir tarqatilmoqda
Prezident topshirig‘i amalda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, “O‘zbekgidroenergo” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Abdug‘ani Sanginov tashabbusi bilan Surxondaryo viloyatining Uzun, Sariosiyo va Denov tumanlaridagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarning kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazishini ta’minlash maqsadida bepul ko‘mir tarqatilmoqda.

Mamlakatimizda bo‘lg‘usi kuz-qish mavsumiga puxta hozirlik ko‘rib, iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlash va qishli-qirovli kunlarda aholiga kafolatli energiya resurslarini yetkazib berishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan anomal sovuqdagi xato va kamchiliklar takrorlanmasligi uchun ijtimoiy-iqtisodiy soha ob’ektlari hamda aholi xonadonlarining energiya resurslariga ehtiyojini ta’minlash choralari ko‘rilayotir.

Joriy yilning 11 avgust kuni Buxoro shahrida Prezidentimiz raisligida oziq-ovqat mahsulotlarini ko‘paytirish orqali narx-navo barqarorligini saqlash hamda aholi va iqtisodiyot tarmoqlarini energiya resurslari bilan kafolatli ta’minlash masalalari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham bu borada mutasaddilarga tegishli vazifalar bergan edi.

Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida senator Abdug‘ani Sanginov ham viloyatning Uzun, Sariosiyo va Denov tumanlarida yashaydigan “Ayollar daftari” va “Temir daftari”da ro‘yxatda turuvchi ijtimoiy yordamga muhtoj, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalar, yakka-yolg‘iz keksalarni qo‘llab-quvvatlab, ularning izg‘irinli sovuq kunlarni bexavotir o‘tkazishiga ko‘maklashmoqda.
–Kam ta’minlangan oilalar ro‘yxatidamiz,– deydi Sariosiyo tumanidagi Shabnam mahallasida yashaydigan Rahmat Sarbarov.–Mahallamizga ko‘mir olib kelishgan ekan. Bizga ham 600 kilogramm ko‘mir bepul berishdi. O‘tgan yili qish sovug‘ini bir amallab o‘tkazgan edik. Shu bois o‘zimiz ham izg‘irinli kunlar uchun imkon darajasida o‘tin to‘pladik. Ko‘mirni uyimizga olib kirgach, ko‘nglimiz ancha xotirjam tortdi. Bu yilgi qish qattiq kelsa ham uni issiqqina uyda o‘tkazishimizga ishonch paydo bo‘ldi. Bunday e’tibor uchun davlatimizdan minnatdormiz.

Hududlarda tarqatilayotgan ko‘mirni manzilli yetkazish uchun Denov, Sariosiyo va Uzun tumanlarida 11 ming 441 nafar “Temir daftar” va “Ayollar daftari”dagi ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolar ro‘yxati shakllantirildi. Xonadonlarda qattiq yoqilg‘iga ehtiyoj o‘rganilib, sovuq kunlarda hayotidan rozi bo‘lib yashashi uchun har bir oilani 600 kilogrammdan ko‘mir bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yildi. Shu kungacha uchta tumandagi ehtiyojmand oilalarga tarqatilishi rejalashtirilgan qariyb 7 ming tonna ko‘mirning 4 ming 924 kilogrammi xonadonlarga yetkazib berildi.
Qishli–qirovli fasl uchun senator ko‘magi bilan ko‘mir tarqatilayotgan Sariosiyo, Uzun va Denov tumanlarining baland tog‘larida kuzning ilk yomg‘iri yog‘ib o‘tdi. Dalayu dashtlarda tanaga xush yoqadigan salqin havo esib qoldi. Surxonlik keksa bilgirlarning aytishicha, bo‘lg‘usi qish ham yog‘ingarchiliklarga serob bo‘lishi mumkin. Kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga tarqatilayotgan ko‘mir yoqilg‘isi esa qishli-qirovli kunlarni ayniqsa, keksalar, ayollar va bolajonlarning issiq xonadonlarda xotirjam o‘tkazishiga ko‘maklashadi. Qalblarda quvonch, ko‘ngillarda faxr tuyg‘usini yuksaltiradi.
Kuz-qish mavsumi uchun ko‘mir tarqatish davom etmoqda.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri