Ehtiyojmand oilalar e’tibordan chetda qolmaydi
“Dolzarb bir oylik” safarbarlik loyihasi doirasida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga har tomonlama yordam ko‘rsatish ishlari olib borilmoqda.
Shu maqsadda “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ boshqaruvi raisi boshchiligidagi ishchi guruh Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanidagi har bir mahallada ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand oilalarni aniqlash va ularga manzilli yordam ko‘rsatish ishlarini amalga oshirmoqda.

Ishchi guruh “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyili asosida tumanning Pastkiyuz mahallasida ijtimoiy ro‘yxatga olingan 26 nafar ehtiyojmand fuqaroning holatini o‘rgandi. Shuningdek, davolanishni kechiktirib bo‘lmaydigan insonlarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish va davolash ishlarini tashkil etish, ishsiz fuqarolarni ishga joylashtirish, mahalla hududini obodonlashtirish kabi yo‘nalishlarda aniq chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bundan tashqari, “Yashil makon” dasturi doirasida mahallalarga ko‘chatlar yetkazib berish, tomorqalardan unumli foydalanish, aholi bandligini ta’minlash maqsadida parrandachilik va chorvachilik yo‘nalishidagi loyihalarni amalga oshirish masalalarida ham amaliy yordam ko‘rsatish ko‘zda tutilgan.
Ta’kidlash joizki, bu kabi tashabbuslar ehtiyojmand oilalar uchun hayotiy ahamiyatga ega bo‘lib, ularning turmush sifatini yaxshilashga, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA