Eʼtirof va eʼtibor yangi marralar sari chorlaydi
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Sanʼatshunoslik fakulteti 2-bosqich talabasi Madina Norchayeva Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻldi.
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti Sanʼatshunoslik fakulteti 2-bosqich talabasi Madina Norchayeva Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor boʻldi.
Shu munosabat bilan mazkur institut rektori Nodirbek Sayfullayev Madinani alohida tabriklab, yosh avlod har tomonlama barkamol avlod boʻlib yetishishi uchun mamlakatimizda keng imkoniyatlar eshigi ochilgani, oʻz oʻrnida yoshlar ham ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanishi zarurligini taʼkidladi.
Madina mukofotni qoʻlga kiritishida institutning hissasi katta ekanini aytib, institut rahbariyatiga minnatdorligini bildirdi.
— Bugun men juda hayajondaman. Prezidentimiz qoʻlidan mukofotni qabul qilib olish ulkan quvonch baxsh etdi. Mukofot ijodiy barkamollikka erishishim, yana-da katta marralarni egallashimda kuch va gʻayrat bagʻishladi. Xotin-qizlarga, ayollarga mana shunday yuksak hurmat bilan qaraladigan goʻzal yurtda yashashning oʻzi ulkan baxt, tuganmas boylik. Davlatimiz rahbarining ishonchini oqlashga vaʼda beraman, – dedi Madina Norchayeva.
Madina 2018-yilda Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil qilingan “Zomin” seminarida qatnashib ustoz shoir va yozuvchilar hamda tengdoshlarining eʼtirofiga sazovor boʻlgan. Shu bilan birga respublika miqyosida oʻtkazilgan turli festivallarning faol qatnashchisi. Jumladan, 2018-yilda Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan oʻtkazilgan “Oʻzbekiston bahori” festivali gʻolibasi, Respublika Yosh ijodkorlar kengashi tashabbusi bilan oʻtkazilgan turkiy tilli yoshlarning “Samarqand sheʼr oqshomlari” seminari ishtirokchisi. 2019-yilda Respublika Yosh ijodkorlar kengashi tomonidan tashkil qilingan “Oroldagi odamlar” loyihasida ishtirok etib, qoraqalpoq ayollari hayotiga bagʻishlangan turkum sheʼr va esselar muallifi hisoblanadi.
Madinaning ijod namunalari “Jilgʻalar qoʻshigʻi”, “Yoshlik” kabi ijodkor yoshlar bayozlarida, “Yoshlik”, “Dugonalar”, “Yosh kuch” jurnallarida, “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati”, “Kitob dunyosi” gazetalarida va nufuzli internet nashrlarida eʼlon qilingan.