“E-saylov” axborot tizimi ishlab chiqildi
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan Markaziy saylov komissiyasi (MSK) bilan hamkorlikda “E-saylov” axborot tizimi ishlab chiqilib, test rejimida ishga tushirildi.
Foydalanuvchilarning “Ye-saylov” axborot tizimidan samarali foydalanishi bo‘yicha nazariy bilimlarini shakllantirish va tizimda ishlash tartibi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlash maqsadida Markaziy saylov komissiyasi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida ikki kunlik o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.

Ta’kidlash joizki, “Ye-saylov” axborot tizimi saylovlarni samarali tashkil qilishda raqamli texnologiyalardan foydalanish orqali saylov jarayoni ishtirokchilari tomonidan saylov komissiyalariga hujjatlarni taqdim etish, saylov komissiyalarining qarorlarini qabul qilish, shuningdek, saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq boshqa harakatlarni elektron shaklda amalga oshirish imkoniyatlarini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan “E-saylov” axborot tizimining reglamenti loyihasi ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, barcha darajadagi saylov komissiyalari, siyosiy partiyalar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman, shahar Kengashlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar hamda tuman, shahar hokimliklari, ommaviy axborot vositalari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, deputatlikka nomzodlar va ularning ishonchli vakillari, xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar, shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi “Ye-saylov” axborot tizimidan foydalanuvchilar hisoblanadi. O‘quv-amaliy mashg‘ulotda foydalanuvchilarning mazkur tizimda ishlash ko‘nikmalari oshirildi.
M.Komilova, O‘zA