Dzyudochilarimizning g‘alabali odimlari davom etmoqda
Poytaxtimizdagi «Universal» sport saroyidagi dzyudo bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlangan Osiyo kubogining navbatdagi kuni sportchilarimiz uchun muvaffaqiyatli o‘tdi.
Musobaqaning ikkinchi kuni o‘smirlar va qizlar o‘rtasida jami 8 ta vazn toifasida g‘olib hamda sovrindorlar nomi ma’lum bo‘ldi. Unda qizlar og‘ir vazn toifalarida bahslarga kirishdi. Uchala vaznda oltin medal Marjona Nurilloyeva, Barchinoy Qodirova hamda Mohlaroyim To‘xtamisheva kabi dzyudochilarimizga nasib qildi. Bu esa qizlar terma jamoamizning yakunda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashiga muhim omil bo‘ldi. Ikki kunlik bahslarga ko‘ra, O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 10 ta oltin, 9 ta kumush, 18 ta bronza, jami 37 ta medal bilan umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Kubok bahslarining o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bellashuvda vazni 90 kilogrammgacha bo‘lgan polvonimiz Alisher Samanov oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu esa O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi ikki kunlik yakunga ko‘ra, 4 tadan oltin va kumush, 8 ta bronza medalini jamg‘argan holda umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egallashiga turtki bo‘ldi.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA