Dzyudochilarimiz tantanali kutib olindi
Vengriyaning Budapesht shahrida 4-6 avgust kunlari dzyudo bo‘yicha “Masters” turkumiga kiruvchi xalqaro turnir o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 ta oltin, 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritgani haqida avval xabar bergan edik.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida ushbu nufuzli musobaqa g‘olib va sovrindorlarini kutib olish marosimi bo‘ldi. Shu munosabat bilan bu yerga davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, sportchilar, ularning oila a’zolari va yaqinlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari yig‘ildi.

Mazkur nufuzli turnirda jahonning 59 davlatidan yig‘ilgan 419 nafar dzyudochi ishtirok etdi. Musobaqada dzyudochilarimiz munosib bellashib, jahon tamadduniga munosib hissa qo‘shgan ne-ne ulug‘ zotlarning munosib vorislari, O‘zbekistondek buyuk yurtning hech kimdan kam bo‘lmagan va hech qachon kam bo‘lmaydigan farzandlari ekanini isbotladi.

Keskin va murosasiz bellashuvlarda zafar quchgan sportchilarimizning mardligi, jasorati, shijoatu matonati dunyo ahlini lol qoldirdi. Zero, ularning bunday yuksak muvaffaqiyati mamlakatimiz mustaqilligi, o‘sib kelayotgan yosh avlodning har tomonlama sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar tufaylidir.
“Masters” turnirida iste’dodli sportchimiz Muzaffar To‘raboyev 100 kilogrammgacha vazn toifasida oltin medalga sazovor bo‘ldi. U mazkur medalni qo‘lga kiritgunga qadar ikki karra Olimpiada va jahon chempioni Lukash Krpalek(Chexiya), Sheydi Elnaxas (Kanada), Mixael Korrel (Niderlandiya), Boyan Dosen (Serbiya) va Peter Paltchik (Isroil) kabi sportchilarni mag‘lub etdi.

Shuningdek, 90 kilogrammgacha vazn toifasida Davlat Bobonov va 52 kilogrammgacha vaznda Diyora Keldiyorova bronza medaliga sazovor bo‘ldi. Polvonlarimiz musobaqa medallaridan tashqari muhim reyting ochkolariga ham ega bo‘ldi. Jumladan, M.To‘raboyev 1800, D.Bobonov va D.Keldiyorova 900 reyting ochkosini o‘z hisobiga qo‘shib qo‘ydi.
–Musobaqadagi har bir jang finaldek o‘tdi. Raqiblarim katta tajribaga ega polvonlar edi, – deydi “Masters” turniri g‘olibi Muzaffar To‘raboyev. – Murabbiylarim ko‘rsatmalari, xalqimizning ishonchi va g‘alabaga bo‘lgan intilishim sababli oltin medalni qo‘lga kiritdim va 12 yil oldingi natijani takrorladim. Bu muvaffaqiyatlarga erishganimdan xursandman. Umid qilamanki, oldinda turgan yirik musobaqalarda ham mamlakatimiz sharafini yanada yuksaltiraman.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasi bu yilgi “Masters” turnirini 1 ta oltin va 2 ta bronza medali bilan yakunladi va 59 davlat vakillari orasida umumjamoa hisobida 6-o‘rindan joy oldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA muxbiri