DXX kubogi: Iste’dodlar ommaviy futbol musobaqalari orqali kashf etiladi
Mamlakatimizda yosh o‘g‘il-qizlarni sportga keng jalb etish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, iqtidorli yoshlarni aniqlash hamda futbol va mini-futbolni ommalashtirish maqsadida oltinchi bor o‘tkazilayotgan bu yilgi Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) kubogi musobaqalari har qachongidan ham ko‘tarinki ruhda tashkil etilmoqdaki, bu, qamrovning kengligida o‘z ifodasini topmoqda.
Iste’dodli futbolchi-yoshlarni kashf etishga qaratilgan mazkur musobaqalar tuman, shahar va viloyatlar bosqichlarida o‘tkazilib, saralash musobaqalari, xususan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan shakllantirilgan jamoalar o‘rtasida uch bosqichli tizimda tashkil etildi.
Birinchi va ikkinchi bosqichlardagi saralashda o‘z iqtidorini namoyish etgan, g‘alabaga bo‘lgan kuchli irodasini ko‘rsatgan jamoalar respublika final bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
[gallery-30924]
Bugun, 17-avgustdan poytaxtimizdagi “Bunyodkor” futbol akademiyasi maydonlarida futbol bo‘yicha o‘g‘il bolalar jamoalari hamda mini-futbol bo‘yicha o‘g‘il va qiz bolalar jamoalari o‘rtasidagi ilk saralash musobaqalari boshlandi.
Aytish lozimki, umumiy hisobda 42 ta jamoaning 500 nafardan ziyod yoshlari ishtirok etayotgan DXX kubogi o‘yinlarini ko‘tarinki ruhda, yoshlar uchun haqiqiy sport bayrami ko‘rinishida o‘tkazish uchun Sport vazirligi, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi, O‘zbekiston futzal federatsiyasi va tegishli tashkilotlarning mutaxassislari, hakamlik guruhlari ish olib bormoqda.
O‘yinlar dasturiga muvofiq, saralash musobaqalari 21-avgustga qadar davom etadi.
Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) kubogining final o‘yinlari 22-avgust kuni poytaxtimizdagi “Jar” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
A.Mamadaminov (surat),
O‘zA