DXX kubogi bahslari boshlandi
Mahalla yoshlari o‘rtasida katta qiziqishga sabab bo‘layotgan Davlat xavfsizlik xizmati kubogi uchun futbol hamda mini-futbol musobaqalarining nufuzi va geografiyasi yildan yilga ortib bormoqda.
Joriy yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida o‘g‘il bolalar o‘rtasida futbol va mini-futbol hamda qizlar o‘rtasida mini-futbol bo‘yicha DXX kubogi musobaqalarining ikki bosqichi mamlakatimizdagi mavjud 208 ta tuman va shahardagi 19698 ta mahalla futbol jamoalaridagi 251 ming 502 nafar navqiron avlod vakillarini yashil maydondagi shiddatli uchrashuvlarda jam etdi.

Joriy yilning aprel-may oylarida yurtimizdagi tuman/shaharlar kesimida birinchi bosqich bahslari o‘tkazilgan bo‘lsa, iyun-iyul oylarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri miqyosida ikkinchi bosqich musobaqalari bo‘lib o‘tdi.

Nihoyat, kutilgan damlar yetib keldi. 19-23 avgust kunlari «Bunyodkor» futbol akademiyasi maydonlarida saralash, final o‘yini esa 24 avgust kuni poytaxtimizdagi «Jar» stadionida bo‘lib o‘tadi.
Shu munosabat bilan «Bunyodkor stadionida o‘yinlar oldidan 42 ta jamoani guruhlarga bo‘lish uchun qur’a tashlash marosimi tashkil etildi.

Qur’a tashlash marosimida ishtirok etgan mutasaddilar musobaqaning ahamiyati, mahoratli futbolchi yoshlarni tanlash, saralashda DXX kubogining o‘z o‘rni borligini alohida ta’kidladi.
Birgina shu yil o‘tkazilgan birinchi va ikkinchi bosqich musobaqalari yakunlariga ko‘ra, o‘z iste’dodini namoyish etgan 729 nafar yosh futbolchilar mahalliy futbol klublarining seleksionerlari nazariga tushdi. Ularni klublarga joylashtirish ishlari olib borilayotgani DXX kubogi kashfiyotlar maydoni sifatida nom qozonayotganini anglatmoqda.

Misollarga e’tibor qaratsak, mahalla bosqichida ishtirok etgan Qorako‘l tumanining 20 nafardan ziyod futbolchi qizlari Buxoro viloyatidagi futbol jamoalariga jalb etilgan bo‘lsa, Samarqand, Farg‘ona, Navoiy, Jizzax Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasining yuzga yaqin talantli futbolchi yoshlari ham DXX kubogidagi ishtiroki tufayli turli professional futbol klublari e’tiborini qozondi.
Aytish lozim, bu yilgi DXX kubogining respublika bosqichida o‘g‘il bolalar o‘rtasida futbol va mini-futbol bo‘yicha g‘olib bo‘lgan jamoalar mahallasiga mini-futbol maydoni, 2-o‘rinni egallagan jamoalar uchun basketbol va voleybol o‘yinlari uchun mo‘ljallangan universal sport maydoni, 3-o‘rinni egallagan jamoalar mahallasiga esa «Stritbol» sport maydoni qurib berilishi nazarda tutilgan.
Qizlar musobaqasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan jamoalar esa pul mukofoti bilan taqdirlanishi belgilangan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA