Durang kimning foydasiga ishlaydi?
Kecha tunda Italiya kubogi yarim finalidan oʻrin olgan ilk uchrashuv oʻtkazildi.
Kecha tunda Italiya kubogi yarim finalidan oʻrin olgan ilk uchrashuv oʻtkazildi. Rimdagi “Olimpiko” stadionida kechgan oʻyinda mezbonlar “Latsio” jamoasi “Milan” klubini sinovdan oʻtkazdi.
Soʻnggi vaqtlarda ancha mazmunli oʻyin koʻrsatayotgan hamda A Seriyada qatorasiga sakkizta uchrashuvdan beri magʻlubiyat nimaligini bilmay kelayotgan “qizil-qoralar”ni taslim qilishga Simone Inzagi shogirdlarining ham kuchi yetmadi. Qizgʻin va murosasiz kurashlar ostida oʻtgan oʻyinda hisob ochilmadi – 0:0.
Ikki raunddan iborat kubok oʻyinlarida bu ancha qaltis natija sanaladi. Chunki “Latsio” futbolchilari mehmonda 1:1 yoki 2:2 hisobida durang oʻynaydigan boʻlsa, safarda kiritilgan gol ustunligi evaziga finalga chiqib ketishi mumkin. Shu maʼnoda “Olimpiko” stadionida qayd etilgan nursiz durangni “Milan” klubi foydasiga yozishga shoshilmagan maʼqul. Barchasi endi 24 aprel kuni “San-Siro”da kechadigan javob oʻyinida hal boʻladi.
Bugun esa Italiya kubogi yarim finalidan oʻrin olgan ikkinchi uchrashuv ham oʻtkaziladi. Unda “Fiorentina” jamoasi oʻz maydonida “Atalanta”ni qabul qiladi.