Dunyoning yosh kimyogarlari Toshkentda bilimlarini sinovdan o‘tkazadi
58-xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO 2026) — dunyo maktab o‘quvchilari o‘rtasida kimyo fani bo‘yicha o‘tkaziladigan eng nufuzli va yirik xalqaro bellashuv bo‘lib, joriy yilda ushbu yirik voqelikka ilk bor O‘zbekiston mezbonlik qilmoqda.
58-Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO 2026) doirasida jahoning ko‘plab davlatlaridan delegatsiyalar poytaxtimizga keldi.
Oldinda ishtirokchilarni qiziqarli bellashuvlar, yangi tajribalar va unutilmas uchrashuvlar kutmoqda. Ishonamizki, O‘zbekistonda o‘tkaziladigan har bir kun o‘quvchi-yoshlar uchun bilim va unutilmas xotiraga boy bo‘ladi.
Olimpiada 2026-yilning 10–19-iyul kunlari O‘zbekistonning ko‘hna va navqiron poytaxti Toshkent shahrida bo‘lib o‘tmoqda. Xalqaro kimyo olimpiadasi (IChO) 1968-yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan bo‘lsa, mazkur musobaqa Markaziy Osiyo mintaqasi tarixida ilk bor O‘zbekiston tuprog‘ida tashkil etilmoqda.
Global miqyosdagi ushbu ilm-fan bayramida dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan kelgan eng iqtidorli maktab o‘quvchilari, taniqli olimlar va soha ekspertlari ishtirok etmoqda. Olimpiadaning rasmiy shiori esa "Elementlarni o‘zgartirib, dunyoni birlashtirish" (Transforming Elements, Connecting the World) deb nomlangan.
Yosh kimyogarlar olimpiada davomida o‘zlarining chuqur bilimlari, mantiqiy fikrlashlari va ilmiy tayyorgarliklarini ikkita asosiy — nazariy va amaliy (laboratoriya) bosqichlarda sinovdan o‘tkazadi.
Mamlakatimiz qonunchiligiga muvofiq, mazkur nufuzli olimpiadada sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik o‘quvchilar va ularning ustozlari davlat tomonidan bir martalik pul mukofotlari hamda oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli kirish huquqi bilan taqdirlanadi.
Ushbu nufuzli tadbirning O‘zbekistonda o‘tkazilishi mamlakatimizning xalqaro ilmiy maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish bilan bir qatorda, yurtimizdagi bilimga chanqoq yoshlarning intellektual salohiyatini butun dunyoga namoyish etish uchun beqiyos maydon vazifasini o‘tamoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri