Andijon davlat chet tillar instituti magistranti Abdullo Ro‘ziyev amerikalik olim va mashhur tarjimon Mark Edvard Riz bilan hamkorlikda O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asarini ingliz tiliga tarjima qildi.
Keyingi yillarda amerikalik olim, mashxur tarjimon Mark Edvard Riz tomonidan Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romani ingliz tiliga tarjima qilinganligi o‘zbek tarjimshunosligidagi katta voqelardan biri bo‘ldi. Mark Riz ushbu asar tarjimasi, qolaversa, o‘zbek adabiyotini jahon miqyosidagi targ‘ib etishga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbekiston Respublikasining “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan.
– Har bir xalq adabiyoti ana shu xalq barhayotligining muhim mezonlaridan biridir, – deydi Andijon davlat chet tillar instituti rektori, professor Dilshodbek Rustamov. – Jumladan, o‘zbek adabiyoti ham o‘zining boy tarixiy, yuksak mazmunga ega asarlari, keng qamrovligi bilan ajralib turadi. Ayniqsa, o‘tgan asrda ijod qilgan Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Asqad Muxtor, G‘afur G‘ulom, Said Ahmad, O‘tkir Hoshimov singari iste’dodli yozuvchilarimizning asarlari yuksak baho va e’tirofga munosib. Biroq, bir necha o‘n yillar davomida yozuvchilarining asarlari xorijiy tillarga tarjima qilinmaganligi uchun dunyo xalqlari o‘zbek adabiyoti bilan tanish emas.
Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda tarjimashunoslik borasida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda, qator yozuvchilarimizning asarlari ingliz va boshqa xalqlar tillariga tarjima qilinmoqda.
O‘zbek adabiyotining betakror asarlaridan biri O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” qissasi ingliz tiliga tarjima qilinganligi ham ana shu yo‘nalishdagi ishlardan biri bo‘ldi.
Andijon davlat chet tillari instituti magistranti Abdullo Ro‘ziyev ushbu asar tarjimasi ustida mustaqil ravishda uch yil ish olib bordi. Tarjimani yakunlaganidan so‘ng tajribali tarjimon Mark Edvard Rizga yubordi. Mark Riz tarjimani ko‘rib chiqib, qayta ishladi va uch yillik mehnat mahsuli bo‘lgan asar tarjimasi kitob holida dunyo yuzini ko‘rdi.
Ayni kunda Abdullo Ro‘ziyev hamda Mark Riz tarjimasi asosidagi asar mashhur Amazon platformasida sotuvga qo‘yilgan. Bundan tashqari, institut mutasaddilarining ta’kidlashicha, ushbu tarjima asar Nyu-York shahri metro bekatlarida ham reklama qilinmoqda.
F. Ubaydullayev, O‘zA muxbiri