Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
-
Pashinyan Aliyevni maslahatlashuvga chaqirdi
Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevga Yerevan va Boku o‘rtasida tinchlik shartnomasini imzolash bo‘yicha maslahatlashuv boshlash taklifini berdi.
– Loyiha kelishib olingan, endi bitim imzolanishi kutilyapti, – deb yozdi Pashinyan ijtimoiy tarmoq orqali. – Prezident Ilhom Aliyevga maslahatlashuv boshlashni taklif qilaman.
Oq uy Bayden ma’muriyatini tovuqlarga qiron keltirganlikda aybladi
– AQSH sobiq Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Donald Trampning inauguratsiyasi oldidan mamlakat bo‘ylab qariyb 8 million tovuqni o‘ldirdi, – deb yozdi Oq uy matbuot kotibi Karolin Levit ijtimoiy tarmoqda. – Natijada tuxum yetkazib berish uzilib, narx oshdi.
Mulozim yuzaga kelgan tuxum taqchilligiga “Bayden inqirozi” deb nom berdi. Uning ta’kildlashicha, Tramp va qishloq xo‘jaligi vaziri Bruk Rollins hozir muammoni hal qilish ustida ishlamoqda.
So‘nggi payt AQSHda parranda grippi epidemiyasi tufayli tuxum narxi keskin oshishi kuzatilmoqda.
Xusiylar Isroilning Ben Gurion aeroportiga raketa otdi
“Al Masirah” telekanali xusiylar tomonidan Isroilning Ben Gurion aeroportiga “Falastin-2” giper tovushli ballistik raketa hujumi amalga oshirilgani da’vo qilingan xabar tarqatdi.
Yaman armiyasi matbuot kotibi Sari ham AQSHning samolyot tashuvchi kemalari va qator harbiy kemalari o‘qqa tutilganini ma’lum qildi.
Britaniya Rossiyaga qarshi yadro qurolidan foydalanish uchun
AQSHdan ruxsat so‘ramaydi
Oq uy doktrinasidagi siyosiy o‘zgarishga nisbatan zaiflik xavfi ortib borayotgan bir sharoitda Britaniya Rossiyani to‘xtatib turish uchun o‘z yadro qurolidan mustaqil foydalanish huquqiga ega bo‘lishni istaydi, deb yozdi “Daily Express” gazetasi.
– Raketani suv osti kemasiga joylashtirish masalasi faqat Qirollik hukumatining ishi bo‘ladi, bunga hech qanday shubha yo‘q, – degan Britaniya Harbiy-dengiz kuchlari yuqori martabali amaldori.
Buyuk Britaniya va AQSH hanuz 1958 yildagi O‘zaro mudofaa bitimi doirasida hamkorlik qiladi. Mazkur hujjat ikki davlatga maxsus texnologiyalarni almashish imkonini beradi. 1963 yil Prezident Jon Kennedi Buyuk Britaniyaga Amerika yetkazib berish tizimidan foydalangan holda yadro qurolidan foydalanish uchun tezkor mustaqillik bergandi.
Avstriya maktablarida mobil telefon taqiqlanadi
Avstriyada maktablarida 1-8-sinflarda qo‘l telefonidan foydalanish taqiqlanadi. Yangi qoida shu yil 1 maydan kuchga kiradi. Respublika ta’lim vaziri Kristof Viderker jurnalistlarga shu haqda ma’lumot berdi.
Aniqlik kiritilishicha, ayni qaror boshlang‘ich, o‘rta, maxsus maktab va gimnaziyaga taalluqli. Shu bilan birga maktablar uchun ayrim istisno holatlari bor. Masalan, ta’lim maqsadida foydalanish zarur bo‘lganda uyali telefonni yoqish mumkin bo‘ladi.
Lukashenko inauguratsiyasi sanasi ma’lum
Belarusning saylangan Prezidenti Aleksandr Lukashenko inauguratsiyasi 25 mart kuni bo‘lib o‘tadi, deb xabar tarqatdi “BelTA” davlat axborot agentligi respublika Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotiga tayanib.
Ma’lumki, mamlakatda 26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan saylovda Lukashenko yettinchi marta davlat rahbari etib saylandi.
Konstitutsiyaga muvofiq, qasamyod ikki oydan kechikmay, Xalq Assambleyasi prezidiumi a’zolari, parlament quyi va yuqori palatalari deputatlari, konstitutsiyaviy va oliy sud sudyalari ishtirokida tantanali tarzda qabul qilinadi.
Germaniya 13 yillik tanaffusdan keyin Suriyada elchixonasini ochdi
Germaniya elchixonasi 2012 yil Suriyada fuqarolar urushi boshlanishi sababli yopilgan edi. Vakolatxona faoliyatini tiklash marosimida mamlakat tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Germaniyaning Suriya qayta qurilishini qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro diplomatik munosabatni tiklash muhimligini ta’kidladi.
Bu Berbokning Asad rejimi ag‘darilgandan keyin Suriyaga ikkinchi tashrifi.
Iroqda ilk bor gubernatorlik lavozimiga ayol tayinlandi
Iroq Kurdistoni Ichki ishlar vazirligi Xalabja viloyati gubernatori vazifasini bajaruvchi lavozimiga No‘hsha Nasih tayinlangani haqida xabar tarqatdi.
– Bu tarixiy voqea muxtoriyat va Iroq siyosiy hayotida muhim qadam, chunki Nasih mamlakatda gubernator lavozimini egallagan birinchi ayol, – deyilgan bayonotda.
Iroq Kurdistonining bir qismi – Xalabja Eron bilan tutashgan chegaradan 15 kilometr masofada joylashgan. Mintaqaga Erbil va Sulaymoniya kabi shaharlar kiradi.
S.Rahimov tayyorladi.
O‘zA