Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
-
Bayraktar: Turkiya – dron bozorida dunyo yetakchisi
Turkiyaning “Baykar” aviasozlik kompaniyasi direktori Bayraktarning aytishicha, kompaniya dron ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchi. Zavod mahsulotining 90 foizdan ko‘pi eksport qilinmoqda.
Bugungi kunda Turkiya global dron bozorining 65 foizini egallagan, 20 yil avval mamlakat bu borada 89 foiz importga qaram edi. Bayraktar Farg‘oniy fazo tashabbusi haqida ham gapirib, birinchi sun’iy yo‘ldosh kelasi oy uchirilishini bildirdi.
Kompaniya ayni payt global miqyosda joylashuvni aniqlash tizimini ishlab chiqish va koinotga avtonom uchiriladigan qurilma yaratish ustida ishlayapti.
Yevropa suriyaliklarni qabul qilmoqchi emas
Yevropa davlatlari suriyaliklarning boshpana so‘rab qilgan murojaatlari ko‘rib chiqilishini to‘xtatmoqda
Ko‘hna qit’ada bunday davlatlar soni 15 taga yetdi. Yevropa Ittifoqi vakili Gregori ma’lum qilishicha, ushbu qaror Suriyadagi vaziyat Asad rejimi qulagandan keyin qanday o‘zgarishini kuzatish istagi bilan bog‘liq.
2023 yil YeI hududida jami 1,1 million xorijlik boshpana so‘ragan. Bu 2015-2016 yillardagi migratsiya inqirozidan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich.
Misr va Eron rahbarlari 12 yil ichida birinchi marta uchrashdi
Qohirada bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (EKO) 11-sammiti doirasida Misr Prezidenti Abdulfattoh As-Sisi eronlik hamkasbi Mas’ud Pezeshkiyon bilan uchrashdi. Mazkur ikki davlat rahbarlari oxirgi 12 yilda ilk bor yuzma-yuz suhbatlashdi.
Yetakchilar mintaqaviy xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va Yaqin Sharqda barqarorlikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi, deb yozgan Eronning Tasnim axborot agentligi.
Misr 1979 yil, Islom inqilobi yuz berganda Eron shohiga boshpana bergan, urushda Iroqni qo‘llab-quvvatlagan va Isroil bilan tinchlik shartnomasi imzolagan. Ayni jihatlar Tehronning noroziligiga sabab bo‘lgan va o‘zaro kelishmovchilik kuchaygan edi.
Xitoy - Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi boshlanadi
Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov III Xalq qurultoyida Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi 27 dekabr kuni boshlanishini ma’lum qildi. Uning ta’kidlashicha, bu yo‘l Sharq va G‘arb o‘rtasida strategik ko‘prik bo‘lib, savdo, turizm, sanoat rivoji uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Tramp YeIga tahdid qildi
AQSHning saylangan Prezidenti Donald Tramp agar Bryussel Qo‘shma Shtatlardan neft va gaz xaridini oshirmasa, Yevropa Ittifoqiga nisbatan oshirilgan import boji joriy etish niyatidaligini bildirdi.
– YeI AQSH bilan savdo munosabatidagi salmoqli kamomadni bizdan neft va gaz xarid qilishni sezilarli darajada oshirish orqali qoplashi kerak, – deb yozdi Tramp o‘z ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida. – Aks holda, ittifoq davlatlari to‘liq tariflarga duch keladi. Men YeIni bu haqda ogohlantirdim.
Chad Fransiyadan qo‘shinini 31 yanvargacha olib chiqishni talab qildi
Fransiya bilan harbiy hamkorlik shartnomasini buzgan Chad hukumati fransuz qo‘shinlari 31yanvargacha mamlakatni tark etishi zarurligini bildirdi. Ayni mazmundagi axborotni RFI radiosi har ikki davlat manbalariga tayanib tarqatgan.
Fransiya hukumatiga yaqin shaxs aytishicha, Parij buyurtmani payshanba kuni olgan. Chad tomoni esa fransuzlar fevral oyi oxiri, muqaddas Ramazon oyi boshlanishidan oldin ketishi ma’qulligini ta’kidlagan. Darvoqe, har ikki tomon muzokara “konstruktiv tarzda” davom etayotganini qayd etgan.
Iroq suriyalik harbiylarni vataniga qaytardi
Iroq hukumati qurolli muxolifat hujumi ortidan mamlakatni tark etgan 1900 dan ortiq harbiy xizmatchini Suriya tomoniga topshirdi. Bu haqda Qurolli kuchlar qo‘shma amaliyot qo‘mondonligi ma’lum qildi.
Suriyalik harbiylar Damashqdagi yangi rasmiylar iltimosiga ko‘ra uylariga jo‘natilgan. Ular qaytishdan oldin tegishli yozma rozilik dalolatnomasini to‘ldirgan. Iroq tomoni Suriyadagi muvaqqat hukumatni vatanga qaytgan askarlar xavfsizligini ta’minlash, ularni afv etish va oilalari bag‘riga qaytishini kafolatlashga chaqirdi.
YeI: Ukraina QK tezroq yangi brigadalarini tayyorlashi zarur
19 dekabr kuni YeI davlat rahbarlari sammiti bo‘lib o‘tdi. Anjumanning yakuniy bayonotida, jumladan, shunday deyilgan:
– Yevropa kengashi Ukrainani havo hujumidan mudofaa tizimi, o‘q-dori va raketa bilan ta’minlash bo‘yicha sa’y-harakatni zudlik bilan kuchaytirish hamda Qurolli kuchlari yangi brigadalarini tayyorlashni tezlashtirishga chaqirdi.
YeI Ukrainaga 2025 yil 30,6 milliard yevrolik moliyaviy yordam ko‘rsatishni ko‘zda tutgan.
S.Rahimov O‘zA