Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Bayden va Si Szinpin tez orada telefon orqali muloqot qilishi mumkin
AQSH yetakchisi Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Szinpin yaqin haftalarda telefon orqali muloqot qilishni rejalashtirmoqda, deyiladi Oq uy saytida chop etilgan matbuot xabarnomasida.
Avvalroq Prezidentning Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan Xitoyga tashrifi doirasida Si Szinpin bilan uchrashgan edi.
– Ikki tomon ham ochiq aloqa yo‘llarini saqlab qolish bo‘yicha davom etayotgan sa’y-harakatni, jumladan Prezident Bayden va Si Szinpin o‘rtasidagi qo‘ng‘iroqni kelgusi haftalarga rejalashtirishni olqishladi, – deyilgan bayonotda. Suhbat sanasi hozircha ma’lum emas.
Fransiya sobiq Prezidenti Maskni shaytonga qiyosladi

“CNews” yozishicha, Fransiyaning sobiq Prezidenti Fransua Olland amerikalik tadbirkor Ilon Maskni shaytonga qiyoslagan.
– Men uni Yelisey saroyida kutib olishayotganini ko‘rsam, xuddi uyimizga shayton taklif qilingandek tuyuladi, – dedi u. Afsuski, Emmanuel Makron bundan uyalmagani aniq.
Amaldagi davlat rahbari o‘tgan yil Parijda amerikalik tadbirkor bilan uchrashgan. Olland milliarderning nigohi uning insoniyatga yaxshilik tilamasligini bildirishini ham qo‘shimcha qildi.
Hafta boshida Britaniya parlamenti sobiq deputati, mamlakat ishchilar partiyasi rahbari Jorj Gallouey “Telegram” asoschisi Pavel Durov Fransiyada hibsga olinganidan keyin Maskni Yevropaga sayohat qilmaslikka chaqirgan.
Yil boshidan buyon Britaniyaga 20 mingdan ko‘p noqonuniy muhojir kelgan
Yil boshidan buyon 20 mingdan ortiq noqonuniy muhojir Buyuk Britaniyaga La-Mansh bo‘g‘ozi orqali qayiqda kirgan, deb yozdi “Sky News” mamlakat Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga tayanib.
– Bir kun avval qirollik qirg‘og‘iga 614 nafar muhojir yetib borgan. Bu iyul oyida Leyboristlar partiyasi hokimiyat tepasiga kelgandan beri kunlik ikkinchi eng yuqori ko‘rsatkich. Yil boshidan buyon esa chegarani 20 433 nafar noqonuniy migrant kesib o‘tdi. Bu 2022 yildagi rekord ko‘rsatkichdan bir necha ming kishi kam.
Yamaykada o‘smir akula hujumidan halok bo‘ldi
“Jamaica Observer” nashri yozishicha, йиртқич baliq o‘smirning boshini g‘ajib tashlagan. Ov paytida g‘oyib bo‘lgan maktab o‘quvchisining boshsiz tanasi qirg‘oq yaqinidan topilgan.
Marhum Falmut shahrida yashovchi 16 yoshli Jamari Ridniki edi.
O‘smirning otasi o‘g‘li dushanba kuni dengizga chiqqanini aytgan. Suv ostida baliq ovlash o‘smirning sevimli mashg‘uloti bo‘lib, ota buni hech qachon ma’qullamagan. Seshanba kuni ertalab g‘avvoslar dastlab dengizdan tishlangan qo‘lni topgan, keyin esa jasad sohilga olib chiqilgan.
Yevropa Ittifoqi Maduroni tan olmadi
Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Yevropa Ittifoqi Nikolas Maduroni Venesuelaning demokratik yo‘l bilan saylangan prezidenti sifatida tan olmaslikka qaror qilganini bildirdi.
– Maduro amalda prezidentlik qilishda davom etadi, biroq biz uning demokratik qonuniyligini tasdiqlab bo‘lmaydigan saylov natijasiga ko‘ra, tan olmaymiz, – dedi u YeI tashqi ishlar vazirlarining Bryusseldagi norasmiy uchrashuvidan so‘ng.
Venesuelada prezident saylovi 28 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Ertasiga Milliy saylov kengashi Nikolas Maduroni 2025-2031 yillar uchun saylangan prezident sifatida e’lon qildi. U Saylov kengashi ma’lumotiga ko‘ra, 51 foiz ovoz olgan.
G‘azo hukumati: Isroil zarbasi oqibatida halok bo‘lganlar soni 40 400 dan oshdi.

G‘azo Sog‘liqni saqlash idorasi ma’lumotiga ko‘ra, 2023yil 7oktyabrdan beri Isroilning G‘azo sektoriga uyushtirgan zarbasi oqibatida hayotdan ko‘z yumganlar soni 40 400 dan ortib, 93 mingdan ortiq kishi jarohat olgan.
Bayonotda so‘nggi 24 soat ichida sektorga uch marta zarba berilishi natijasida 71 inson qurbon berilgani, 112 kishi jabrlangani ham keltirilgan.
Komor orollari Jahon savdo tashkilotiga rasman qabul qilindi

Jahon savdo tashkiloti (JST) veb-saytida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, Komor orollari 17 yillik muzokaradan so‘ng rasman tashkilotning 165-a’zosiga aylandi. Bu qaror 26 fevral kuni Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan vazirlar darajasidagi 13-konferensiya doirasida tashkil etilgan maxsus marosimda ma’qullangan.
JST bosh direktori Ngozi Okonjo ta’kidlashicha, Komor orollari endi tuzilmadan modernizatsiya va iqtisodiy o‘sish jarayonida, shuningdek mamlakatning Afrika qit’asidagi mintaqaviy integratsiya dasturini to‘ldirish vositasi sifatida foydalanishi mumkin.
S.Rahimov, O‘zA