Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
AQSHning Iroqdagi aviabazasi hujumga uchradi
Pentagon rasmiy vakili “RIA Novosti”ga ma’lum qilishicha, AQSHning Iroqdagi aviatsiya bazasiga uyushtirilgan hujum natijasida bir necha harbiy jarohatlangan.
Iroq OAV tarqatgan xabarga qaraganda, ob’ektga kamida ikki raketa bilan zarba berilgan, to‘p yuk mashinasidan uchirilgan.
Oq uy matbuot xizmati voqeadan Prezident Jo Bayden va vitse-prezident Kamala Xarris xabardor qilingani va Yaqin Sharqdagi amerikalik harbiylarni himoya qilish chora-tadbirlari muhokama qilingani haqida yozgan.
Keyinroq “Axios” portali Pentagon Yaqin sharqdagi qo‘shinlariga yaqin kunlarda yana hujum bo‘lishini kutayotganini taxmin qildi.
Armaniston KXSHT mashg‘ulotida ishtirok etmaydi
Armaniston Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotining 3-15 sentyabr kunlari o‘tkaziladigan “Birgalikda harakat-2024” Qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqida ishtirok etishni rejalashtirmayapti, deyilgan tuzilma tarqatgan xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, mashg‘ulotda a’zo mamlakatlar, jumladan Belarus, Qirg‘iziston va Tojikiston ichki ishlar vazirliklari, Qozog‘iston milliy gvardiyasi va Rosgvardiya, shuningdek Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston maxsus xizmati vakillari, Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya va Tojikiston Favqulodda vaziyatlar vazirliklari cheklangan kuchlari ishtirok etadi.
AQSHda ilk bor “Cybertruck” bilan bog‘liq o‘lim holati tergov qilinmoqda
Texas politsiyasi “Tesla” kompaniyasi “Cybertruck” elektromobili ishtirokida yuz bergan, inson o‘limi bilan yakunlangan avtohalokat ishini tergov qilyapti, deyilgan “Fox 4 Beaumont” telekanali xabarida.
Harakat payti yo‘l chetiga chiqib ketib, quvurga urilgan mashina haydovchisi qurbon bo‘lgan.
“Tesla Cybertruck” – bozorda eng mashhur elektrda harakatlanadigan yuk avtomobili hisoblanadi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, Amerika bozorida bu ayni rusumdagi elektromobil narxi 57 000 - 96 000 dollar oralig‘ida.
G7 mamlakatlarni Yaqin Sharq mojarosida vazminlikka chaqirdi
“Katta yettilik” guruhi e’lon qilgan bayonotda Yaqin Sharqdagi mojaro ishtirokchilari vazminlikka chaqirilib, hech bir davlat keskinlik kuchayishidan foyda ko‘rmasligi ta’kidlangan.
– Tomonlarni javob zo‘ravonligini davom ettirishdan butunlay tiyilish, keskinlikni pasaytirish va ayni yo‘nalishda konstruktiv ish olib borishga chaqiramiz, – deyiladi bayonotda. – Yaqin Sharqdagi keskinlik yanada kuchayishidan hech bir tomon manfaatdor emas. Katta yettilik mamlakatlari fikricha, mintaqadagi hozirgi voqealar “bundan ham yirik mojaro”ga aylanib ketishi mumkin.
Eron Prezidenti Rossiya bilan hamkorlik muhimligini ta’kidladi
Tehron va Moskva munosabati Eron tashqi siyosatining muhim yo‘nalishi, o‘zaro kelishuvlarni jadal amalga oshirish kerak, dedi yangi Prezident Mas’ud Pezeshkiyon Rossiya Xavfsizlik Kengashi kotibi Sergey Shoygu bilan uchrashuvda. IRNA axborot agentligi yetakchining quyidagi so‘zlarini iqtibos sifatida keltirgan:
– Rossiya Eron xalqini qiyin paytlarda qo‘llab-quvvatlagan davlatlar qatorida turadi. Ushbu strategik hamkor bilan munosabatni rivojlantirish Eron Islom Respublikasi tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri. Ikki davlat o‘rtasida imzolangan hujjatlar ijrosini tezlashtirish zarur.
Britaniyada tartibsizlik, 380 ga yaqin odam hibsga olindi
Angliyaning Sautport shahrida bolalarga pichoq bilan hujum uyushtirilishi natijasida yuzaga kelgan tartibsizlik ortidan Buyuk Britaniyada 380 ga yaqin odam hibsga olindi, dedi Milliy politsiya boshliqlari kengashi rahbari Gevin Stivens. Avvalroq “Times” nashri 420 dan ziyod odam ushlangani haqida xabar bergan edi.
Ushbu voqea haqida dastlab Britaniyaning “Mersisayd” grafligi politsiyasi 29 iyul kuni ma’lum qilgan. 17 yoshli o‘smir uch bolaning hayotiga zomin bo‘lgan. Fojiadan so‘ng bir necha bola, katta yoshli ikki kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan. Hujum uyushtirgan shaxs qochqin ekanligi to‘g‘risiida tasdiqlanmagan ma’lumot tarqalishi tufayli Sautport, London va boshqa bir necha shaharda aholi namoyishga chiqib, politsiya bilan to‘qnashuv ro‘y bergan. Keyinchalik jinoyatchi Uelsda Ruandalik muhojirlar oilasida tug‘ilgani aniqlandi.
Kim Chen In: Shimoliy Koreya yadroviy salohiyatini oshirishi zarur
KXDR yetakchisi Kim Chen In AQSHning o‘z ittifoqchilariga yadro qurolini topshirish siyosati munosabati bilan mamlakat yadro salohiyatini oshirish zarurligini ma’lum qildi. Bu xabar Koreya markaziy telegraf agentligi tomonidan tarqatilgan.
– So‘nggi 5 yilga nazar tashlasak, AQSH tomonidan Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga qarshi olib borilgan harbiy siyosatda yadro (quroli) tushunchasi mavjud bo‘lmagan holat yo‘qligini ko‘ramiz, – dedi Kim Chen In qo‘shinlarga yangi taktik raketa tizimini topshirish marosimida so‘zlagan nutqida. – Xavf shunday nuqtaga yetib keldiki, endi Amerikaga do‘st davlatlar ixtiyorida ham AQSH yadro quroli mavjud.
Turkiya YeI davlatlari mahsulotiga bojni oshirdi
Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Yevropa Ittifoqi davlatlaridan keladigan tovarlarga 30 foiz, boshqa davlatlar mahsulotlariga esa 60 foiz boj solig‘i joriy etish haqidagi farmonni imzoladi.
Tegishli qaror hukumatning rasmiy gazetasida e’lon qilindi. Bundan tashqari tezkor yetkazib berish bilan xalqaro xarid uchun soliqsiz cheklovi 150 yevrodan 30 yevrogacha pasaytirildi. Ilgari YeI mahsulotlari uchun boj mos ravishda 18 va 30 foiz edi.
S.Rahimov,
O‘zA