Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
AQSH Prezidenti Jo Bayden Xitoy Tayvanga hujum qiladigan bo‘lsa, orolga yordam berish uchun amerikalik harbiylarni jalb qilishga ruxsat berishini aytdi. U “Time” nashriga bergan intervyusida shu masalaga to‘xtaldi:
– Mamlakat harbiy kuchlaridan foydalanilishini istisno qilmayman, – dedi u AQSH Tayvanga qo‘shin joylashtirishi mumkinmi, degan savolga javob berarkan.
***
Turkiya G‘arbdan buyruq olayotgani yo‘q, mustaqil siyosat yuritmoqda, dedi Prezident ma’muriyati aloqa bo‘limi boshlig‘i Faxrettin Altun.
– Biz buni aniq va ochiq aytamiz: G‘arbdan buyruq olgan yoki mustaqil siyosati va strategiyasini ishlab chiqa olmagan Turkiya mavjud emas. Bugungi Turkiya mintaqada barqaror mustaqil siyosat, strategiya olib bormoqda, – dedi Altun seshanba kuni Anqarada chiqish qilganida.
***
Qo‘shma Shtatlar “Minuteman III” qit’alararo ballistik raketasini sinovdan o‘tkazdi, deb xabar tarqatdi “Vandenberg” kosmik kuchlari bazasi.
“Оператив sinov 4 iyun, seshanba kuni Vandenberg kosmik kuchlari bazasidan amalga oshirildi”, – deyilgan baza tarqatgan xabarda.
***
Avstriya hukumati Kiyevga yordam ko‘rsatishdan bosh tortgani uchun Vengriyani Yevropa Ittifoqida ovoz berish huquqidan mahrum qilish to‘g‘risida Belgiya ilgari surgan taklifni qo‘llab-quvvatlaydi, dedi Avstriya TIV vakili.
Yevropa Ittifoqi shartnomasining 7-moddasiga ko‘ra, agar mamlakat YeI tamoyilini “muntazam va jiddiy ravishda” buzsa, vaqtinchalik ovoz berish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin.
***
Shimoliy Atlantika alyansi Rossiya bilan urush yuzaga kelgan taqdirda AQSHdan Yevropaga qo‘shin tashlash rejasini tayyorlamoqda, deb yozdi Britaniyaning “The Telegraph” gazetasi tegishli manbaga tayanib.
– Yevropada Rossiya bilan quruqlikdagi yirik urush boshlangan taqdirda NATO amerikalik askarlar va zirhli texnika vositalarini tezkorlik bilan frontga olib chiqadi, – deb yozgan nashr. – Shu maqsadda hozir bir necha quruqlik yo‘laklari yaratish ustida ish olib borilyapti.
Taxminga ko‘ra, AQSH Qurolli kuchlari oldindan belgilangan besh portdan biriga qo‘nadi va tayyorlangan yo‘nalish bo‘ylab yuradi.
***
NDTV telekanali hisob-kitobiga ko‘ra, Hindistonning amaldagi Bosh vaziri Narendra Modi partiyasi boshchiligidagi Milliy demokratik alyans parlament saylovida ko‘pchilik ovozni qo‘lga kiritdi. Parlament quyi palatasiga saylov 19 apreldan 1 iyunga qadar yetti bosqichda bo‘lib o‘tdi va ovoz sanash 4 iyun kuni yakunlandi. Ayni payt “Xalq uyi” (Lok Sabha)da 543 o‘rin uchun kurash boshlangan. G‘alaba uchun partiya yoki koalitsiya oddiy ko‘pchilik bilan 272 o‘ringa ega bo‘lishi kerak.
***
Jahon bozorida neft narxi 0,36 foiz tushdi, Brent navli qora oltinning bir barreli fevral oyi boshidan buyon birinchi marta 78 dollardan pastladi. Brent neftining avgust oyi uchun fyuchers narxi 0,36 foiz tushib, bir barrel uchun 77,84 dollarni tashkil qilgan.
S.Rahimov,
O‘zA