Dunyo xabarlari qisqa satrlarda
Meksika hukumati Texasdan deport qilinishi kutilayotgan migrantlarini qayta qabul qilmaydi, deb bayonot berdi mamlakat tashqi ishlar vazirligi.
Rasmiy Mexiko Texasning SB4 qonuni yaqinda kuchga kirishini qoraladi. Ushbu hujjatga ko‘ra, mahalliy kuch ishlatar tizimlarga Meksika fuqarolarini mamlakatdan chiqarib yuborish imkoniyati beriladi.
***
Kamboja Bosh vaziri Xun Manet tegishli muassasalarga avtomobil signali tovushini pasaytirish bo‘yicha taklif ishlab chiqish vazifasini yukladi. So‘nggi payt “TikTok” ijtimoiy tarmog‘ida yoshlarning ko‘cha o‘rtasida mashina signalini balandlatib, raqsga tushishi urfga kirgani haqida xabarlar tarqalmoqda, deb yozgan mahalliy “Khmer Times” nashri.
“Bu ko‘chadagi tartibga putur yetkazadi, ayniqsa bolalar uchun jiddiy xavf tug‘diradi”, – deyilgan xabarda.
***
Gretsiya tashqi ishlar vaziri Yorgos Gerapetritis mamlakatning xorijdagi barcha diplomatiya va konsullik organlariga 25-mart kuni nishonlanadigan mustaqillik kuni tadbiriga Rossiya va Belarus vakillarini taklif etmaslikni so‘rab, maktub yo‘lladi, deb yozdi “newsbreak.gr” portali.
“RIA Novosti” yozishicha, Gretsiya uch yildirki tantanaga Rossiya vakillarini taklif etmaydi.
***
Ukraina mudofaa vaziri Rustem Umerov mamlakatni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aloqa guruhi majlisi yakuni yuzasidan bayonot berib, Kiyev zambarak o‘qi va havo hujumidan mudofaa tizimi uchun ko‘p raketa olishini ma’lum qildi.
Uchrashuv seshanba kuni Germaniyadagi AQSHning “Ramshtayn” aviabazasida bo‘lib o‘tgan.
Umerov ta’kidlashicha, yana bir necha mamlakat “dronlar koalitsiyasiga” qo‘shilgan va a’zolik badalini ham to‘lagan.
***
AQSH Rossiya tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkinning Fransiya Ukrainaga qo‘shin yuborishga tayyor, deya bergan bayonotiga ishonmaydi. Vashington esa o‘z kuchlarini Ukrainaga jo‘natmoqchi emas, dedi Davlat departamenti rasmiy vakili o‘rinbosari Vedant Patel.
Fransiya Ukrainaga jo‘natish uchun o‘z kontingentini tayyorlamoqda, birinchi bosqichda jang ketayotgan hududga ikki ming harbiy jo‘natiladi, degan Narishkin.
***
Moldova liberal-demokratik partiyasi hukumat va prezident Mayya Sanduni EIga a’zo bo‘lish uchun referendum o‘tkazish g‘oyasidan qaytishga chaqirdi.
Partiya vakillari ta’kidlashicha, bunday jarayonni tashkil qilishga prezident emas, balki parlament haqli.
***
Armaniston banklari ikkilamchi sanksiyaga tushmaslik uchun “Mir” kartasiga xizmat ko‘rsatishni to‘xtatishga qaror qildi.
– AQSH moliya vazirligi xorijiy aktivlarni nazorat qilish boshqarmasi “Mir” to‘lov-hisoblashish tizimiga sanksiya e’lon qilgach, Armaniston banklari uchun ham xavf tug‘ildi, – deyilgan mamlakat banklari ittifoqi e’lon qilgan bayonotda.
***
Buyuk Britaniya qiroli Karl III o‘zining o‘limi haqida tarqalgan mish-mishdan keyin ilk bor Vindzor qal’asini tark etib, Londondagi Klarens-xaus vestminster qarorgohiga kelgani ma’lum bo‘ldi, deb yozdi “Daily Mail” gazetasi.
Avvalroq Bukingem saroyi matbuot xizmati vakili Rebekka Gevin Qirol Karl III vafoti haqidagi gap-so‘z asossiz, deya bayonot bergan edi.
S.Rahimov,
O‘zA