Dunyo tan bergan o‘zbek alp o‘g‘loni
O‘zbekiston sportchilari dunyo sportida yuqori marralarni zabt etib, o‘z nomini tarix zarvaraqlariga yozdirib qo‘yayotgani mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasidir.
Bugun yurtimizning barcha hududlarida yoshlar sportning istalgan turi bo‘yicha shug‘ullanish imkoniyatiga ega. Ushbu maskanlarda sportga mehr qo‘yib, yuqori natijalar qayd etayotgan yoshlar soni kun sayin ortib bormoqda.

Ana shunday sportchilarimizdan biri Davlat Bobonovdir. U 1997 yili Navoiy viloyati Nurota tumanida tug‘ilgan. Yosh polvonimiz yuksak marralar sari doimo olg‘a bordi. Tuman, viloyat, shahar va mamlakat chempionatlarida toblanib, xalqaro miqyosdagi musobaqalarda mamlakatimiz sharafini munosib himoya qila boshladi.
Davlat Bobonov o‘zining ilk xalqaro medalini 14 yoshida Samarqandda o‘tkazilgan xalqaro ochiq turnirda qo‘lga kiritadi. U o‘sha musobaqada barcha raqiblarini yengib, oltin medal bilan taqdirlandi. Shuningdek, sportchimiz kattalar o‘rtasida “Katta dubulg‘a”, Gran-pri, “Masters” jahon va qit’a chempionatlari hamda Olimpiya o‘yinlarida g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy olib, muvaffaqiyatli ishtirok etib kelmoqda.

Aniqroq aytadigan bo‘lsak, “Katta dubulg‘a” turnirlarida 2 ta oltin va 3 tadan kumush hamda bronza, Gran-pri, “Masters” musobaqalarida 1 tadan oltin, V Islom birdamlik o‘yinlarida bitta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
2021 yilda Bishkekda (Qirg‘iziston) bo‘lib o‘tgan Osiyo chempionatida, Budapeshtda (Vengriya) bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlari oldidan jahon chempionatida kumush, Tokioda (Yaponiya) o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida bronza medallarini qo‘lga kiritdi. 2022 yil oktyabr oyida Toshkent shahridagi “Humo Arena” sport saroyida bo‘lib o‘tgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatining erkaklar o‘rtasida 90 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasidagi final bellashuvida Davlat Bobonov oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Sportda erishayotgan yutuqlari va mamlakatimiz nufuzini dunyo arenalarida yuksaltirayotgani munosabati bilan Davlat Bobonov davlatimiz rahbari tomonidan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” va I darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandi.
O‘zA muxbiri Davlat Bobonov bilan joriy yilning 23 sentyabr – 8 oktyabr kunlari “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlariga ko‘rilayotgan tayyorgarlik, sportchilik faoliyati va oldindagi rejalar haqida suhbatlashdi.
– Sportchilik faoliyatingiz va ilk murabbiyingiz haqida to‘xtalib o‘tsangiz.
– Sport faoliyatimni 2010 yil Samarqand olimpiya zaxiralari kollejiga o‘qishga topshirganimda boshlaganman. O‘shanda dzyudo sport turiga mehr qo‘yib, birinchi murabbiyim Nurali Qobulovdan mazkur sport turining ilk sir-sinoatlarini o‘rgana boshlaganman. Biroq hozir ham ular bilan shug‘ullanishda davom etaman. Musobaqalardagi ilk medalni 2011 yili qo‘lga kiritganman.
– “Xanchjou-2022” Osiyo o‘yinlariga qanday tayyorgarlik ko‘ryapsiz va oldinda turgan rejalar qanday?
– Hozirda mamlakatimiz sportchilarini katta sinov kutmoqda va unga tayyorgarlik yuqori darajada o‘tmoqda. Shu qatori men ham Osiyo o‘yinlariga munosib tayyorgarlik ko‘ryapman. Federatsiyamiz tomonidan shug‘ullanish uchun barcha imkoniyatlar yaratilmoqda. Yaqindagina o‘tgan xalqaro o‘quv-yig‘in mashg‘ulotida boshqa davlat sportchilari bilan o‘zaro tajriba almashdik. Osiyo o‘yinlaridan umidim katta va shohsupaning eng yuqori pog‘onasini ko‘zlayapman. Kelgusidagi rejalarim ham doimgidek, nufuzli musobaqalarga munosib tayyorgarlik ko‘rib, yuqori natijalarni qo‘lga kiritish.
– Har bir insonning orzusi mamlakati nufuzini dunyo uzra yuksaltirish va Prezident e’tirofiga sazovor bo‘lishdir. Siz bu baxtga erishgan insonlardan birisiz. Davlatimiz rahbarining shaxsan o‘zlaridan medal va mukofot olganingizda nimalarni his qilgansiz?
– Albatta, bu orzu ushalishi uchun tinimsiz mehnat va o‘z sohangiz bo‘yicha doimo yuqoriga intilishingiz, har bir erishgan yutuqlaringizni shu xalqning yutug‘i deb bilishingiz kerak. Bugunga qadar ikki marotaba davlat mukofoti va jahon chempionligi medalini Prezidentimiz Shavkat Mirziyeyov qo‘llaridan olganman va bu bilan faxrlanaman. Ushbu mukofotlarni olganimda qalbimda faxr-iftixor va xalqimiz ishonchini his qilaman hamda quvonch yoshlari qalqiydi. Bu shunday hissiyotki, so‘z bilan ta’riflash mushkul, ammo shu hissiyotni yana his qilish uchun har qanday mashaqqatlarga ko‘z yumasiz. Umid qilamanki, bu tuyg‘ularni har bir o‘zbek sportchisi his qiladi.
– Aytingchi, sportchilik faoliyatidan so‘ng murabbiy sifatida sizni ko‘ramizmi?
– Bugunga qadar bu haqda o‘ylab ko‘rmaganman. Hozirda bor e’tiborim va maqsadim imkon qadar yaxshi natija qayd etib, o‘zbek dzyudochilari hech kimdan kam emasligini isbotlashdir. Oldimda hali ulkan marralar turibdi, agarda ularning barchasini zabt etsam, bu haqda o‘ylab ko‘rarman.
O‘zA muxbiri
Javohir Toshxo‘jayev
suhbatlashdi.