Dunyo ilmga, ilm ayolga muhtoj
Ma’lumki, ilm-fan taraqqiyotida olimlarning o‘rni beqiyos. Ularning ilmiy izlanishlari, kashfiyotlari, ilm-fan va ta’lim sohalaridagi ilg‘or tashabbuslari jamiyat ravnaqiga xizmat qiladi.
O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ziyolilar, jumladan, olimlar, tarbiyachi va o‘qituvchilar, ijodkor va san’atkorlar, sportchilar, turizm, hunarmandchilik va xalq tabobati sohasi vakillari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlari, kelajagimiz bunyodkorlari bo‘lgan yoshlar, shuningdek, “Qadriyatlarga tayangan taraqqiyot!” shiorini qo‘llab-quvvatlovchi vatanparvar va bunyodkor xalqimiz vakillarini o‘z elektorati deb hisoblaydi va ilm yo‘lida izlanayotgan faol olimlarni qo‘llab-quvvatlaydi.

Partiyaning dasturiy maqsadlaridan biri — milliy qadriyatlar, zamonaviy bilim va ilmiy tafakkur uyg‘unligiga asoslangan taraqqiyot modelini qaror toptirishdan iborat. Shu nuqtai nazardan, ilm-fan va siyosat o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilishi mazkur ustuvor vazifalarni amaliy jihatdan ta’minlashga xizmat qiladi. Bu esa partiyaning jamiyatda ilmga asoslangan siyosiy qarorlar qabul qilish, jamoatchilik fikrini shakllantirishda ekspertlik yondashuvini kuchaytirishga qaratilgan strategik maqsadlariga to‘la mos keladi. Shuningdek, bu — zamonaviy davlat va adolatli jamiyat qurishning muhim sharti hisoblanadi.

Joriy yilning 17-fevral kuni siyosatdagi ayollar hamda olimalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida “Ilm-fan sohasidagi ayollar va qizlar xalqaro kuni” munosabati bilan “Qonunchilikni takomillashtirishda ilmiy jamoatchilik bilan hamkorlik istiqbollari” mavzusida ochiq muloqot tashkil etildi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi hamda O‘zbekiston xotin-qizlar “Olima” uyushmasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Bu muhim hujjat siyosiy partiya va fuqarolik jamiyati instituti o‘rtasida o‘zaro ishonch, ochiq muloqot va hamkorlikni mustahkamlab, mamlakatda barqaror va inklyuziv taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.

Memorandum doirasida olima ayollar, ilm-fan va ta’lim sohasiga oid muammolarni deputatlik so‘rovlari orqali davlat organlariga taqdim etish, “Olima” uyushmasining ekspertlik xulosalari asosida qonun loyihalariga taklif va qo‘shimchalar kiritish, xotin-qizlarning ilm-fandagi mavqeini mustahkamlashga qaratilgan parlament eshituvlari va davra suhbatlarini tashkil etish, olima ayollar nomzodini deputatlikka ilgari surish, ekspert kengashlari, jamoat komissiyalariga a’zo sifatida tavsiya etishga qaratilgan bir qator vazifalar belgilab olindi. Mamlakatimizda intellektual salohiyatni yuksaltirish, jamoatchilik fikrida ilmiy yondashuvni kuchaytirishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish, qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishga kelishib olindi.
Feruza Jalilova, “Milliy tiklanish” demokratik
partiyasi Markaziy kengashi bo‘limining boshlig‘i, O‘zA