Dunyo chavandozlari Toshkentda raqobatlashmoqda
Toshkent shahridagi “Universal Horses Stable” ot sporti majmuasida konkur va ot yo‘rttirish bo‘yicha FEI jahon kubogi saralash bosqichida chavandozlarimizdan tashqari dunyoning 20 ga yaqin davlatidan sportchilar ishtirok etmoqda.
Mazkur musobaqa Xalqaro ot sporti federatsiyasi (FEI) tomonidan tasdiqlangan bo‘lib, ayni damda chavandozlar konkur yo‘nalishi bo‘yicha saralash bahslarida qatnashmoqda. Jumladan, CSI1*-W (140 sm) yo‘nalishida 3 nafar qozog‘istonlik – Xeniya Batalova, Oleg Sokolenko, Nurila Turisbekova shohsupaga ko‘tarildi.

CSI1-W* (120 sm) toifasida qozog‘istonlik Bekjan Bayjanuli, hamyurtimiz Alisherjon Erkinov va qozog‘istonlik Oleg Sokolenko kuchli uchlikdan joy oldi. Ikki yo‘nalishli AEF/Mantena Cup CSI1*-B (110 sm) saralash bellashuvlarida Dilshod Shokirov va Anna Sigidina kabi chavandozlarimiz 1-2-o‘rinlarni band etdi.
Bugun, 25-aprel kuni konkur bellashuvlarining CSI1*-W 125 sm (Two Phases Competition), CSI1*-W, 145 sm (Two Phases Competition) va AEF/Mantena Cup CSI1*-B, 115 sm yo‘nalishlari bo‘yicha bahslari tashkil etiladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA