Dual ta’lim asosida kasb-hunarga o‘qitish o‘z samarasini beryapti
Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi 5-umumta’lim maktabida 10-11-sinf o‘quvchilari uchun kasb-hunarga yo‘naltirish tizimi joriy etildi. Bu tizim yoshlarga o‘z iqtidorlari va qiziqishlariga mos kasbni tanlash, mehnat bozorida munosib o‘rin topish va kasbiy faoliyatda muvaffaqiyatga erishish uchun muhim imkoniyatlar yaratmoqda.
Yangi tizimga asosan o‘quvchilar dual ta’lim shaklida duradgorlik, tikuvchilik va kompyuter operatori sohalarini o‘rganmoqda.


– Umumta’lim maktabimizda kasbga yo‘naltirish tizimining yo‘lga qo‘yilishi yoshlarni kasb turlariga yo‘naltirishda, amaliy ko‘nikmalarni o‘zlashtirishda nihoyatda qo‘l kelmoqda, – deydi umumta’lim maktabi direktori Mahmud Berdiqulov. – Eng asosiysi, bu yo‘nalishdagi o‘quvni tashkil etish uchun Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan 5 dona tikuv mashinasi, 1 dona overlok, arra, randa, o‘ymakorlik asbob-uskunalari, 8 juft ish stoli, kompyuter operatorligi sohasida o‘quv ishlarini tashkil etish uchun 11 ta monoblok keltirildi. Tikuvchilik va duradgorlik sohalarida ishlatiladigan xomashyo esa mahalliy byudjet mablag‘i hamda homiylar yordami bilan olib kelindi.

Dual ta’lim asosidagi o‘quvlarni umumta’lim maktabi o‘qituvchilari bilan birga Toshkent mahallasida faoliyat ko‘rsatayotgan tikuvchilik, duradgorchilik, beshikchilik yo‘nalishidagi malakali mutaxassislar olib borishmoqda.
Ahamiyatlisi, kasb-hunarga o‘qitish tizimi o‘quv jarayonlariga umuman ta’sir etmaydi. Qaytanga umumta’lim maktabi o‘quvchilarining bo‘sh vaqti mazmunli o‘tishiga yordam beradi. O‘g‘il bolalar duradgorchilik, qiz bolalar tikuvchilik, kompyuter operatorligiga qiziqqan o‘quvchilar esa kompyuter operatori yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassis bo‘lib chiqadi.


– O‘quvchilarimiz dual ta’lim jarayonida ishlab chiqargan mahsulotlari hisobidan daromad ham topmoqda, bu esa ularni ruhlantirayapti, – deydi Mahmud Berdiqulov. – Kelgusida rejalarimiz katta.Yangi o‘quv yilidan boshlab ikkinchi xorijiy til sifatida koreys tili yo‘nalishida o‘quv ishlarini ham yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Mutaxassis masalasi bo‘yicha Guliston davlat universiteti bilan hamkorlik qilib, ikki nafar o‘qituvchini jalb etmoqchimiz.
Muhimi, 752 o‘rinli umumta’lim maktabida o‘quvchilarning o‘qishi, dual ta’lim tizimi orqali ta’lim olishi uchun barcha shart-sharoit bor. Chunki, maktab binosi qayta rekonstruksiya qilingan, unga yondosh hududda 330 o‘rinli qo‘shimcha bino qurib, foydalanishga topshirilgan. Bunga investitsiya dasturi doirasida 7 milliard 600 million so‘m miqdoridagi pul mablag‘i yo‘naltirilib, maktab zarur jihozlar bilan ta’minlangan.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri