“Do‘stlik”da “Smart English” markazi faoliyat boshladi
Sardoba tumanining chekka hududlaridan biri – Do‘stlik mahallasida “Payshanba – Yoshlar kuni” munosabati bilan yana bir muhim va quvonchli voqea qayd etildi.
“Ko‘mak” loyihasi doirasida 130 million so‘mlik ssuda mablag‘lari hisobidan zamonaviy “Smart English” o‘quv markazi tashkil etildi va uning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur markaz yoshlarga xorijiy tillarni chuqur o‘rganish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallash uchun keng imkoniyatlar yaratadi.

Ochilish marosimida Sardoba tumani hokimi Ziyodulla Karimov, tuman prokurori Ravshanbek Norboyev hamda tuman soliq inspeksiyasi rahbari Oybek Ikromov ishtirok etib, yangi markaz faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Ular mazkur ta’lim maskani yoshlar salohiyatini oshirish, ularni zamonaviy kasblarga yo‘naltirishda muhim o‘rin tutishini alohida ta’kidladilar.
“Smart English” markazi zamonaviy o‘quv dasturlari, interaktiv yondashuvlar va malakali mutaxassislar bilan ta’minlangan bo‘lib, bu yerda yoshlar ingliz tilini puxta o‘zlashtirish, erkin muloqot ko‘nikmalarini shakllantirish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Shu bilan birga, markaz nafaqat Do‘stlik mahallasi, balki atrof hududlardagi yoshlar uchun ham sifatli ta’lim olish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashda muhim maskan bo‘lib xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA