Do‘stlik millatni millatga yaqinlashtiradi
Sirdaryo viloyati Guliston shahrida O‘zbekiston-Qozog‘iston yoshlarining 2 kunlik «Do‘stlik ko‘prigi» forumi bo‘lib o‘tdi.
Qozog‘iston yoshlari bu yerda shaharning yangi qiyofasi va"Do‘stlik" kanali bilan tanishdi. Gulistonning yangi qiyofasi mehmonlarda iliq taassurot qoldirdi. Shundan so‘ng Guliston davlat universiteti yoshlari hamda "Kelajak liderlari" klubi a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. GulDU yoshlari Qozog‘istonlik yoshlar bilan birga "Zakovat" o‘yinlari, turli savol-javob viktorinalarida qatnashdi.

Qozog‘istonlik yoshlar Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabiga bordi. U yerda O‘zbekiston va Qozog‘iston yoshlarining do‘stlik uchrashuvi yirik ma’naviy va ma’rifiy tadbirga aylandi. Ijod maktabi o‘quvchilari va viloyatning iqtidorli yoshlari tomonidan tayyorlangan chiqishlar namoyish etildi. Viloyatdagi yosh ijodkorlardan biri bo‘lgan Husniddin Hayitovga Qozog‘iston yozuvchilar uyushmasi a’zoligi hamda "Abay" nomidagi mukofot tantanali ravishda topshirildi.
Uchrashuv doirasida she’rlar, qo‘shiqlar va raqslar ikki millat do‘stligini tarannum etdi.

- Bunday uchrashuvlar ikki davlat yoshlari do‘stligini mustahkamlabgina qolmay, davlatlarning madaniy aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi - deydi forum ishtirokchisi Umrbek Yerjanov.- Shundan so‘ng, viloyat hokimining qabullar uyida O‘zbekiston-Qozog‘iston yoshlari rahbarlari o‘rtasida memorandum imzolandi.

Kelgusida amalga oshiriladigan hamkorlikdagi loyihalar kelishib olindi. Bu loyihalar kelgusida yoshlar tashabbuslarini amaliyotda do‘stona targ‘ib qilish imkoniyatini yaratadi. Mehmonlarga viloyat tadbirkorlarining faoliyati ham yaqindan tanishtirildi. Ular Sirdaryo tumanidagi yirik "Mega Lyuks" korxonasi faoliyati bilan tanishib, bu yerda olib borilayotgan yaratuvchanlik ishlarini kuzatib, sirdaryolik tadbirkorlar faoliyatiga yuksak baho berdi.
Qozog‘iston yoshlari Sirdaryo zaminidan ulkan taassurotlar bilan o‘z Vataniga jo‘nab ketdi. Ikki kun davom etgan forum ikki millat yoshlarining xotirasida uzoq yillar muhrlanib qolishi shubhasiz.

Sh.Suyarov, F.Toshmatov (surat), O‘zA