Dorixonalarda nega import mahsulotlar ko‘p?
Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyevning shifokorlar hamda farmatsevtika tizimi vakillari bilan videoselektor tarzida o‘tgan uchrashuvida viloyat hokimining o‘rinbosarlari, farmatsevtika sohasining rahbar va mas’ullari, tibbiyot xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari, shahar, tuman hokimlari, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan uchrashuvda, sohaning bugungi kundagi holati va rivojiga yetarlicha e’tibor berilmayotganligi, viloyat aholisining farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan talabi, uning qanchasini mahalliy va qanchasini import hisobiga qoplash mumkinligi, dori-darmonlar sifati bo‘yicha soha mas’ullari va sog‘liqni saqlash tizimi mutasaddilarining aniq hisob-kitoblari yo‘qligi qat’iy tanqid ostiga olindi.
– Bugungi kunda faoliyat yuritayotgan “Jizzax dori-darmon” mas’uliyati cheklangan jamiyati tasarrufida 87 ta ijtimoiy dorixona shoxobchasi bo‘lib, shundan 13 tasi markaziy dorixona va ularning 74 ta filiali mavjud, – dedi Ergash Saliyev. – Ushbu dorixonalarda “Asosiy dori vositalari ro‘yxati”ga kiritilgan 7 ming 500 xil dori mahsulotining 1 ming 120 xili, atiga 15 foizi mavjud, xolos. Ularning ham 420 turdagisi yoki 37 foizi import qilingan dori vositalaridir. Hozir jamiyatga tegishli ijtimoiy dorixona shoxobchalarida 5 ming xildan ortiq dori vositalariga ehtiyoj bor.
Tadbirda shahar va tumanlarda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun barcha imkoniyatlar bo‘laturib, dori vositalarining importi yuqoriligicha qolayotgan Jizzax shahri (49 foiz), Mirzacho‘l (47,7 foiz), Baxmal (38,3 foiz) va Zarbdor (37,7 foiz) tumanlarida bironta farmatsevtika loyihasi amalga oshirilmay kelinayotgani tanqid qilinib, bu boradagi mas’ullar jiddiy ogohlantirildi.

Bundan tashqari, Jizzax viloyat perinatal markazi, viloyat ruhiy-asab kasalliklari dispanseri, viloyat ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasi, G‘allaorol, Baxmal tumanlari va Jizzax shahri tibbiyot birlashmalari ta’minotchi korxonalarida dori vositalari yuqori narxlarda xarid qilinganligi ta’kidlandi.
Ayni paytda Zomin tumanida 103,4 gektar yer maydonida “Zomin-Farm” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilgan bo‘lib, 100 gektar plantatsiya dorivor o‘simliklar yetishtirishga ajratilgan. Biroq ushbu iqtisodiy zona tashkil etilganiga 6 yildan ortiq vaqt o‘tganligiga qaramasdan, bugungi kungacha ushbu sanoat zonasida bor-yo‘g‘i 2 tagina loyiha amalga oshirilgani tanqid ostiga olindi.

Tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tgan uchrashuvda viloyat hokimi farmatsevtika tizimi mas’ullari va tibbiyot sohasi mutasaddi rahbarlarini qat’iy ogohlantirdi va qayd etilgan kamchiliklarni qisqa fursatlarda bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berib, aniq muddatlar belgiladi. Ushbu topshiriqlarning ijrosi viloyat hokimligining doimiy nazoratida bo‘lishi ta’kidlandi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri