Dorilarni istagan narxda sotish mumkin emas!
Taʼkidlanishicha, virusli infeksiyalarni davolashda ishlatiladigan dori preparatlarini ham mamlakatimizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.
Bugunning mavzusi
Davlatimiz rahbarining 2016-yil 31-oktyabrdagi “Aholini dori vositalari bilan taʼminlashni yana-da yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan dori-darmonlarga narx belgilashda ulgurji realizatsiya uchun – sotib olinish narxidan 15 foizdan ortiq boʻlmagan, chakana realizatsiya uchun – ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq boʻlmagan ustama qoʻyilishi belgilab qoʻyilgan.
Shuningdek, chetdan olib kelinadigan va mahalliy ishlab chiqaruvchilardan sotib olinadigan dori vositalari va tibbiyot buyumlarini chakana sotish, ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qatʼiy nazar, ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida boʻlgan Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Qizlarxon Begmatova ishtirokidagi brifingda batafsil maʼlumot berildi.
Taʼkidlanishicha, virusli infeksiyalarni davolashda ishlatiladigan dori preparatlarini ham mamlakatimizda ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Bugunga qadar virusli infeksiyalarni davolashda qoʻllanadigan 44 nomdagi preparat mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan.Yaʼni bizda 215 turdagi infeksiyani davolashda qoʻllanadigan dori vositalari mavjud. Shuningdek, “Nobel Pharmsanoat” kompaniyasi “Kopivir” preparatini favipiravir faol moddasi asosida ishlab chiqarish uchun davlat roʻyxatidan oʻtkazmoqda.
Tarkibida favipiravir faol moddasini saqlovchi dori vositasi Yaponiya, Rossiya va boshqa davlatlarda koronavirus infeksiyasini davolashda yuqori samara koʻrsatib kelayotgani isbotlangan.
Maʼlumot berilishicha, dorixona xodimi vrach yozib bergan dori oʻrnini bosuvchi, yaʼni dori vositasi analogini preparatlarning oʻzaro almashinuvi yoki oʻzaro almashtirish mumkin emasligi toʻgʻrisida Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli soha boʻyicha bosh mutaxassislari tomonidan bir qancha mezonlar asosida berilgan xulosasi asosida tavsiya qiladi.