Donorlik aksiyasi tashkil etildi
“Adolat” SDP Siyosiy kengashi markaziy apparati tashabbusi bilan har yili anʼanaviy ravishda 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni va 3-dekabr – Xalqaro nogironlarni himoya qilish kunida oʻtkaziladigan xayriya aksiyasi tibbiy-ijtimoiy yordamga muhtoj bolalarni qoʻllab-quvvatlash, bemor bolalar hayotini saqlab qolish, shuningdek, jamiyatda insonparvarlik va mehr-oqibat gʻoyalarini targʻib qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻtgan davr mobaynida partiya tomonidan tashkil etilgan donorlik aksiyalari doirasida respublika miqyosida jami 6 ming 156 nafar donor ishtirok etib, 2 ming 154 litr qon yigʻildi va yigʻilgan qonlar 12 ming 312 nafar qonga muhtoj bolajonlar hayotini saqlab qolish uchun ishlatildi.
1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan Respublika qon quyish markazida oʻtkazilgan donorlik aksiyasi davomida vazirlik va idoralar, tijorat tashkilotlari, barcha darajadagi deputatlar, faollar, partiya tarafdorlari, koʻplab koʻngilli yurtdoshlarimiz bemor bolalar hayotini saqlash uchun oʻz hissasini qoʻshib, faol ishtirok etdi.
Shuningdek, “AKFA group” kompaniyasi “Mehr karvoni” aksiyasiga homiylik koʻrsatib, ushbu aksiya doirasida Respublika ixtisoslashtirilgan Onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy markazi va uning Toshkent shahar filiali hamda Respublika Gematologiya ilmiy-amaliy markazida davolanayotgan bolalarga partiyaning hamda homiylarning sovgʻalari topshirildi.
Mehr-oqibatni azaliy qadriyatlarimiz qatorida eʼzozlab keluvchi, xayr-ehson, savob kabi yuksak tushunchalarni odamiylikning eng oliy jihati deb biluvchi xalqimizning nechogʻlik savobtalab ekanligiga bugungi aksiya ishtirokchilari yana bir bor amin boʻldilar.
Tadbir yakunida koʻngilli ravishda bemor bolajonlar hayotini saqlab qolish uchun oʻz qonini topshirgan fuqarolarga partiyaning tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari topshirildi.
[gallery-7390]
Mohigul Qosimova, OʻzA