Dolzarb bir oylik: murojaatlar nazoratga olinmoqda
Aholi muammolarini o‘rganish va ularga ijtimoiy ko‘mak berish maqsadida o‘tkazilayotgan “Dolzarb bir oylik” tadbirlari bo‘yicha Davlat kadastrlari palatasi raisi M.Valiyev Quyi Chirchiq tumanidagi “Do‘stlik-1”, “Paxtachi” MFYlar mas’ullari hamda fuqarolari bilan uchrashib, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamining muammolarini o‘rgandi.
Suhbat davomida ishga joylashish, farzandining o‘qishi to‘lovlari masalalari joyida ijobiy hal qilinishi qatorida tomorqa yerlaridan foydalanish hamda parrandachilik, chorvachilik kabi serdaromad xo‘jaliklarni tashkil qilishga kelishib olindi.
– Mazkur xayrli ishlar doirasida bir qancha oilalarga moddiy yordamlar ko‘rsatildi, – deydi Davlat kadastrlari palatasi Toshkent viloyati boshqarmasi Jasur Ahrorov. – Jumladan, tumandagi “Do‘stlik” MFYda yashovchi bir oila farzandlarining davolanishiga ko‘mak berilib, tovuq boqishi uchun sharoit yaratildi.
[gallery-22651]
Shuningdek, yana bir yordamga muhtoj oilaning xonadoni ta’mirlanib, sigir olib berildi. Bundan tashqari, mazkur tumanning “Paxtachi”, “Gul”, “O‘jakent, “Kushek” va “Abay” MFYlari fuqarolari uchun Davlat kadastrlari palatasi, Toshkent viloyati boshqarmasi, tuman hokimi hamda mas’ullar ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi.
Unda jami 150 ga yaqin yer-kadastr masalalariga oid murojaatlar ko‘rib chiqildi va aksariyati joyida hal etilganidan tashqari, o‘rganish talab etadigan masalalar tegishlicha mas’ullarga biriktirildi. Tumanda ham obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlari jadal yo‘lga qo‘yilgani barobarida, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami o‘rganilib, ularning tomorqalaridan samarali foydalanishlari, ro‘zg‘or tebratishlari uchun moddiy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
Xususan, uch nafar nogironi bor S.Boytemirovga qo‘y-qo‘zilar hadya qilinib, qo‘yxona qurib berildi. Shuningdek, tumanning O‘jakent hududida tanlangan 1 gektar yer maydoniga “Yashil makon” Umummilliy dasturi doirasida hashar yo‘li bilan 2 ming 600 tup mevali va manzarali ko‘chatlar o‘tqazildi.
A.Musayev, O‘zA