Dog‘istonda toshqin: 40 ga yaqin uy suv ostida qoldi
Dog‘istonning Derbent tumanida yuz bergan sel va ko‘chkilar oqibatida 40 ga yaqin uy suv ostida qoldi, deb xabar bermoqda “RIA Novosti” nashri.
Ta’kidlanishicha, voqeadan so‘ng Dog‘iston Respublikasi Xalq Assambleyasi raisi Zaur Askenderov Derbent tumanida sodir bo‘lgan tabiiy ofat oqibatlarini ko‘zdan kechirgan. Shuningdek, eng ko‘p jabrlangan “Nijniy Djalgan” va “Oliy Mitagi” qishloqlaridagi mahalliy aholi bilan suhbatlashib, vaziyatni o‘rgangan.

U tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan barcha muhtojlarga tezda zarur yordam ko‘rsatilishi, yetkazilgan zarar har tomonlama qoplanishini ta’kidladi.
Eslatib o‘tamiz, dam olish kunlari Dog‘istonda kuchli yog‘ingarchilik natijasida keng ko‘lamli suv toshqinlari, elektr tarmoqlarida uzilishlar yuzaga keldi. Natijada Respublikaning beshta shahri va uchta tumanida favqulodda holat e’lon qilindi.
G.Sattorova, O‘zA