“Dog‘iston donishmandi” kitobining taqdimoti o‘tkazildi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, yozuvchi va tarjimon Yangiboy Qo‘chqorovning atoqli avar shoiri, ko‘plab xalqaro mukofotlar sohibi Rasul Hamzatov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlab chop etilgan “Dog‘iston donishmandi” (“Dagestanskiy mudrets”) kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, adabiyotshunos olimlar Zuhriddin Isomiddinov, Adhambek Alimbekov va boshqalar Yangiboy Qo‘chqorov adabiyot, milliy jurnalistika sohasida faol qalam tebratayotgan ijodkorlardan ekanini ta’kidladi.
Darhaqiqat, shu kunga qadar muallifning qator she’riy, nasriy, publitsistik va tarjima kitoblari chop etilgan. “Jayhun bo‘ylab oqqan so‘z”, “Oy tegrasida yulduzlar”, “Donishmand shoir dunyosi”, “Kumush cho‘qqi yog‘dulari”, “Asrlarning armonlari” nomli va boshqa kitoblari shular jumlasidandir. “Ko‘k minorga qo‘ngan qush” va “Burgutga bosh egmagan bars” romanlari esa olis va yaqin tariximizning muhim voqealariga bag‘ishlangan. Yangiboy Qo‘chqorov tarjimon sifatida qoraqalpoq she’riyatidan “Navoiydan savod ochdim”, qozoq she’riyatidan “Oqquv qanotiga qo‘ngan ohanglar” kitoblarini, Abay sheriyatidan “Ko‘zimning qorasi” she’riy to‘plamini nashrdan chiqardi. U ikki xalq mumtoz va zamonaviy she’riyatidan 100 dan ortiq shoirlarning she’rlarini kitobxonlarga yetkazdi.
[gallery-11845]
Ya.Qo‘chqorov tarjimasida O‘zbekiston Qahramoni Ibrohim Yusupovning “To‘maris”, O‘zbekiston xalq yozuvchisi, Qoraqalpog‘iston xalq shoiri Kengesbay Karimovning “Yarador sakuralar” dostonlari, Nobel mukofoti laureati S.Aleksiyevichning “Urushning ayolga yot qiyofasi”, V.Suminning “So‘nggi va birinchi subhidam” romanlari chop etildi. Uning tashabbusi bilan ustozi Oshiq Erkin hamkorligida 2 jildlik “Alisher Navoiy g‘azallariga muxammaslar” kitobi chop etildi. “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 tomligining 79-jildini Ya.Qo‘chqorov nashrga tayyorladi, so‘zboshi yozdi. O‘z tarjimalari bilan boshqa jildlarda ishtirok etdi. Ijodkor publitsist sifatida davriy matbuotda dolzarb maqolalari bilan qatnashib turadi.
Adibning “Dog‘iston donishmandi” esselar kitobi o‘zbek va qoraqalpoq adiblarining eng yaqin do‘sti, “Yigirmanchi asrning eng yaxshi shoiri” nomini olgan Rasul Hamzatov hayoti va ijodiga bag‘ishlangan. Asarda shoirning birinchi she’ri jahonning o‘ndan ortiq tillarida berilgan.
Mazkur asar “Yangi asr avlodi” nashriyotida chop etilgan. Taqdimot tadbirida kitobning mazmun-mohiyati haqida batafsil so‘z yuritildi.
N.Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA