Diplom bilan biznesga
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal Demokratik partiyasi ciyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi, Markaziy bank hamda tijorat banklari hamkorligida “Diplom bilan biznesga” loyihasi doirasida kasb-hunar kolleji va akademik litseylar bitiruvchilari uchun maxsus o‘quv-seminarlari o‘tkazilmoqda.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal Demokratik partiyasi ciyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi, Markaziy bank hamda tijorat banklari hamkorligida “Diplom bilan biznesga” loyihasi doirasida kasb-hunar kolleji va akademik litseylar bitiruvchilari uchun maxsus o‘quv-seminarlari o‘tkazilmoqda.Qarshi bank kollejida tashkil etilgan shunday seminarda bank-moliya muassasalari, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi, viloyat davlat soliq boshqarmasi vakillari, partiya a’zolari, kasb-hunar kolleji va akademik litseylar o‘quvchilari ishtirok etdi.
Mamlakatimizda yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2010-yil 28-iyuldagi “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘layotir.
– “Diplom bilan biznesga”, “Ishbilarmon talaba”, “Yosh fermer” kabi loyihalar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda, – deydi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal Demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyati kengashining yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Bahodir Yusupov. – Mazkur loyihalar ko‘plab yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini boshlashiga imkoniyat yaratmoqda. Ularning bandligini ta’minlash va yangi ish o‘rinlari tashkil etilishiga xizmat qilmoqda. 2015-yilda “Diplom bilan biznesga” loyihasi doirasida viloyatda o‘tkazilgan seminar-treninglarda 108 nafar bitiruvchiga 429 million 500 ming so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili viloyatdagi tijorat banklari tomonidan kasb-hunar kollejlarining mingga yaqin bitiruvchisiga 15 milliard 430 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratilgan. Buning samarasida mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratilgan.
Tadbirda mutaxassislar tomonidan biznes g‘oya tanlash va biznes reja ishlab chiqish tartiblari, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartib-taomillari, soliq turlari va imtiyozlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.
– O‘quv-seminarda tikuvchilik sexi va savdo xizmati ko‘rsatish shoxobchasini tashkil etish bo‘yicha 10 million so‘mlik biznes rejam bilan qatnashdim, – deydi Qarshi bank kolleji bitiruvchisi Munisa Bahrinova. – Biznes rejam tijorat banklari tomonidan moliyalashtirilsa, besh tengdoshimni ish bilan ta’minlashni rejalashtirganman.