Deputatlikka nomzodlar ro‘yxatga olindi
Navoiy viloyati hududiy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan nomzodlarni ro‘yxatga olish, saylov kampaniyasi davrida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Komissiya raisi Sh.Jo‘rayev boshqarib borgan majlisda Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashidagi deputatlik o‘rinlari uchun 200 nafar nomzod to‘g‘risidagi arizalar “Ye-saylov” tizimi orqali hududiy saylov komissiyasiga yuborilganligi haqida axborot berildi.
Ta’kidlanganidek, siyosiy partiyalar tomonidan Xalq deputatlari viloyat Kengashiga nomzodlarni tavsiya etishda tegishli qonunlar saylov kodeksiga belgilangan talablariga rioya qilingan.

Nomzodlarning 198 nafari oliy ma’lumotli bo‘lib, ularning 2 nafari xorijda oliy ta’lim olgan, 2 nafari esa o‘rta maxsus ma’lumotli. Nomzodlarning 16 nafari ilmiy daraja unvonlarga ega, 16 nafari turli davlat mukofotlari sovrindori.
Nomzodlarning 86 nafari, ya’ni 43 foizini xotin-qizlar tashkil etmoqda.

Majlisda xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatligiga nomzodlarni ro‘yxatga olish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Majlisda, shuningdek, Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati saylovida ishtirok etuvchi siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarning saylovoldi tashviqoti joriy yilning 22 sentyabridan boshlanishi hamda mazkur jarayon saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida to‘xtatilishi ma’lum qilindi.

Saylovoldi tashviqot davrida siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga Navoiy viloyati teleradiokompaniyasida hajmiga ko‘ra bir xil bo‘lgan efir vaqti, viloyat “Do‘stlik bayrog‘i” va “Znamya drujbы” gazetalarida bir xil nashr maydoni bepul ajratilib, teng sharoitlar ta’minlanishi qayd etildi.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri