Deputatlar sektor rahbarlarining hisobotini eshitdi
Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili
Xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
ZOOM platformasi orqali tashkil etilgan sessiya ishida viloyatdan saylangan Oliy Majlis Senati a’zolari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputatlari, doimiy komissiyalar raislari, viloyat hokimi o‘rinbosarlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, boshqarma va tashkilotlar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, shahar-tuman hokimlari boshchiligidagi mas’ullar vaa ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Unda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” bo‘yicha 2021 yilning birinchi yarim yilligida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida sektor rahbarlarining hisoboti eshitildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, xalq deputatlari viloyat Kengashi raisi, viloyat hokimi Botir Zaripovning ta’kidlashicha, joriy yilning 1 avgust holatiga ko‘ra, viloyatda 43 ming 843 ta ehtiyojmand oiladagi 169 ming 337 nafar fuqaro “Temir daftar”ga kiritilgan. Ularning 48 ming 396 nafari mehnatga layoqatli ishsizlar hisoblanadi. bugungi kungacha, hududlardagi ehtiyojmand oilalarning 48 ming 396 nafar fuqarosi ishga joylashtirilgan. Jumladan, oilaviy tadbirkorlik yo‘nalishida 3 ming 70 nafar, hunarmandchilik yo‘nalishida 232 nafar, jamoat ishlariga 3 ming 128 nafar, investitsiya loyihalari hisobidan 911 nafar, agrosanoat loyihalariga 3 ming 871 nafar, takroriy ekin ekish bo‘yicha 1 ming 759 nafar, qurilish ob’ektlarida 314 nafar, o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha 28 ming 997 nafar, o‘z ishiga tiklanganlar, vakant ish o‘rinlari va mavjud korxonalarga ishga joylashtirish orqali 6 ming 114 nafar fuqaro bandligi ta’minlangan.
Viloyatda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining o‘z xonadonida tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish maqsadida, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi va saxovatpesha homiylar mablag‘lari hisobidan 1 ming 943 ta oilaga 2,3 mlrd. so‘mlik mablag‘lar ajratilishi natijasida ularning daromad manbai yaratildi.
Xatlov yakuniga ko‘ra, 9 toifaga kiruvchi 26 ming 928 nafar xotin-qiz “Ayollar daftari”ga kiritildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar muammolarini tizimli ravishda hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida ikkita yo‘nalish belgilab olindi. 20 ming 809 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, ishsiz xotin-qizning bandligini ta’minlash va 6 ming 745 nafar moddiy va ma’naviy yordamga muhtoj xotin-qizlarni tizimli ravishda ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash.

“Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlar bilan olib borilgan ishlar natijasida 26 ming 928 nafar xotin-qizga tegishli amaliy yordam ko‘rsatildi va ularning muammolari hal etildi.
Xususan, birinchi toifaga kirgan 20 ming 809 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlandi. 9 ming 850 nafar ishga joylashgan xotin-qizning 3 ming 637 nafari doimiy va 1 ming 286 nafari haq to‘lanadigan jamoat ishlariga jalb qilindi. 27 nafarini jamoat kooperativlariga jalb etish, 989 nafar ayolning shaxsiy tomorqalarini rivojlantirish, 38 nafarini kasbga o‘qitish xarajatlarini qoplash uchun maqsadli subsidiya mablag‘lari ajratish, 181 nafarini tadbirkorlikka jalb qilish, 669 nafari uchun ishsizlik nafaqasi tayinlash orqali va 3 ming 23 nafarining mustaqil ravishda bandligi ta’minlandi.
bugungi kunda, viloyat aholisining 1 mln. 33 ming 285 nafari yoki 55 foizini yoshlar shundan, 17 yoshgacha bo‘lganlar 607 ming 697 nafar, 18-30 yoshgacha bo‘lganlar 425 ming 588 nafarni tashkil etmoqda.

“Yoshlar daftari”ni shakllantirish maqsadida viloyatdagi 544 ta mahalla fuqarolar yig‘inida xatlov o‘tkazildi. Xatlov jarayonida o‘tkazilgan so‘rovnomalarda 18-30 yoshdagi 344 ming 506 nafar yoki 81 foiz yosh tomonidan anketa to‘ldirildi va Yagona elektron bazaga kiritildi.
Tahlillarga ko‘ra, so‘rovnomada qatnashgan yoshlarning 29 ming 718 nafarining bandligi ta’minlanmaganligi, shundan 7 ming 99 nafari turli sabablarga ko‘ra, ishlash istagini rad etganligi (qo‘shimcha daromadi bor, oilasi o‘ziga to‘q, o‘qishga kirmoqchi, uy bekasi va h.k) aniqlandi.
“Yoshlar daftari” doirasida aniqlangan muammolarni bartaraf etish, yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida “Buxoro viloyatida 2021 yil davomida yoshlar bilan ishlashning yangicha tizimini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqildi. 6 bo‘lim, 80 banddan iborat dastur asosida 22 ming 619 nafar yoshning bandligini ta’minlash rejalashtirilgan. Joriy yilning 1 avgust holatida “Yoshlar daftari”dan 21 ming 34 nafar yosh chiqarildi. Qolgan 1 ming 585 nafar yosh bilan manzilli ishlar olib borilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA