Deputat Yakkasaroy va Yangihayotda aholi muammolari hamda loyihalarni o‘rgandi
Xalq vakillarining joylardagi o‘rganishlari davomida ijtimoiy soha ob’ektlari, mahallalar, tadbirkorlik sub’ektlari faoliyati bilan yaqindan tanishilmoqda.
Aholi vakillari bilan uchrashuvlarda ko‘tarilayotgan masalalarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oydin Abdullayeva Yakkasaroy va Yangihayot tumanlarida bo‘lib, mahallalarda obodonlashtirish ishlarining borishi bilan yaqindan tanishdi, aholi vakillari bilan muloqot qildi.
Xalq vakili dastlab Yakkasaroy tumani “Meros” mahallasidagi muammolar va aholi ehtiyojlarini o‘rgandi. Mahallada nuroniylar uchun choyxona barpo etish zarurati borligi aniqlandi. Ob’ektni qurish uchun qulay bo‘sh yer maydoni mavjud bo‘lib, uni tashkil etish bo‘yicha huquqiy ko‘mak so‘raldi.
Hududning zich joylashgani hisobga olinib, maktab va maktabgacha ta’lim tashkiloti atrofida bolalar va fuqarolar uchun xavfsiz piyodalar yo‘lagini tashkil etish masalasi o‘rtaga tashlandi.
Yangihayot tumanidagi “Yangi Choshtepa” mahallasidagi o‘rganishlar davomida esa "Tashabbusli byudjet" asosidagi ishlar ko‘zdan kechirildi. Loyihada belgilangan hisob-kitoblar, yangi sport va bolalar maydonchasi hamda piyodalar yo‘lakchalarining qurilish sifati o‘rganildi.
Loyihaning belgilangan talablar asosida, puxta va sifatli bajarilishini ta’minlash yuzasidan hokimlik mutasaddilari bilan muhokamalar o‘tkazildi.
M.Komilova, O‘zA