DEPUTAT EʼTIROFI: Hech kim eʼtibordan chetda emas...
Shu kunlarda butun dunyo koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashmoqda.
Shu kunlarda butun dunyo koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashmoqda. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu epidemiya bilan ogʻrigan bemorlar soni soat sayin oshib bormoqda. Hattoki oʻlim soning ham oshayotgani kishini bir oz boʻlsa-da tashvishga soladi. Bu esa kasallikni yengish uchun aniq chora-tadbirlar belgilanishini talab etadi.
Ayni paytda yurtimizda ham ushbu virus bilan kasallangan bemorlar mavjud. Davlatimiz va hukumatimiz tomonidan esa uni bartaraf etish choralarining oʻz vaqtida koʻrilayotgani bois sogʻayayotgan yurtdoshlarimiz soni oshib borayotgani barchamizni quvontiradi, albatta.
Ammo hali qilinishi lozim boʻlgan ishlarimiz talaygina. Buni Prezidentimiz 3-aprel kuni oʻtkazgan videoselektor yigʻilishida yana bir bor taʼkidlagan holda jamoatchilikni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashishda amalga oshirilayotgan tadbirlarni yana-da faol qoʻllab-quvvatlashga chaqirdi.
Prezidentimiz murojaatida aytilganidek, mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, xalqimiz salomatligini himoya qilish, osoyishtalikni saqlashda koʻrilgan zarur va samarali choralar tufayli odamlarda dastlabki kunlarda tugʻilgan sarosima va xavotirga barham berildi.
Davlatimiz rahbarining hozirgi vaziyatda hech bir sohani eʼtibordan chetda qoldirmasdan karantin tufayli talofat koʻrishi mumkin boʻlgan tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha maxsus koʻrsatmalar berayotgani quvonchlidir.
3-aprel kuni qabul qilingan farmonga koʻra, turistik va mehmonxona faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlar shu yil yakuniga qadar yer va mol-mulk soliqlarini toʻlashdan ozod etiladi. Karantin davrida oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlgan yakka tartibdagi tadbirkorlarga daromad soligʻi va ijtimoiy soliqni hisoblash toʻxtatiladi. Tushumi oʻtgan oydagiga nisbatan 50 foizga kamaygan kichik biznes subyektlariga aylanmadan olinadigan soliq, yer, mulk soligʻi, ijtimoiy soliq va suv soligʻini toʻlash muddati shu yil 1-oktyabrga qadar kechiktiriladi. Tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi yordamni oshiradi. Bularning barchasi mamlakatimizda inson omili hamisha birlamchi ekanligidan dalolat beradi.
Shuningdek, Prezidentimiz yoshlarga murojaat qilar ekan, ularga barcha sharoitlar yaratib berilayotgan bir paytda faqat va faqat bilim egallashi, kitob oʻqishi talab etilishini alohida taʼkidladi.
Shuni alohida aytish oʻrinliki, bugun respublikamizning barcha hududlarida yurtoshlarimiz hamjihatlikni esdan chiqarmagan holda yurtimiz tinchligi, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz dasturxoni toʻkinligi yoʻlida birdamlikda harakat qilmoqda. Saxovatpesha yurtdoshlarimiz oʻzgalar yordami va ijtimoiy koʻmakka muhtoj fuqarolarni yolgʻizlatib qoʻyishmayapti. Ularga ham maʼnan, ham moddiy jihatdan koʻmakdosh boʻlmoqda. Tadbirkorlarimiz ularga har tomonlama yordam qoʻlini choʻzmoqda.
Koʻpchilik aholi uyda oʻtirgan bir paytda qator tizim xodimlari fidoyilik koʻrsatib kasallikni bartaraf etish choralarini koʻrmoqda. Shunday ekan, mutaxassislarimiz tomonidan berilayotgan koʻrsatmalarga qatʼiy amal qilaylik. Zarurat boʻlmasa koʻchaga chiqmasdan, uyda oʻtirib, ularni qoʻllab-quvvatlaylik. Bu esa bizning kasallikni tez fursatlarda yengish borasida olib borilayotgan ishlarga qoʻshgan hissamiz boʻladi.
Ilhom Rajabov,
OʻzMTDP Navoiy viloyati kengashi raisi, deputat.