Deputat assotsiatsiya raisi bo‘ldi
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi tomonidan ham aholini jismoniy tarbiya va sportga keng jalb qilish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, unut bo‘lib borayotgan milliy sport o‘yinlarini qayta tiklash, ular asosida sport musobaqalari tashkil etish orqali yoshlarda milliy qadriyatlarimiz, urf-odat va an’analarimizga hurmat tuyg‘usini shakllantirish borasida bir qator ibratli ishlar amalga oshirib kelinyapti.
O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Toshkent shahar kengashi hamda O‘zbekiston Taekvondo ITF Milliy Assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi. Memorandum imzolashdan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida sportning bu turini ommalashtirish, zararli odatlardan voz kechish, xotin-qizlar o‘rtasida «Sog‘lom turmush tarzi» sport musobaqalarini tashkil etish borasidagi ishlarni hamkorlikda amalga oshirishdan iborat.
Quvonarlisi, O‘zMTDP Toshkent shahar Kengashi raisi, Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati Jiyanbayev Otabek Eshdavlatovich O‘zbekiston Taekvon-Do (ITF) Milliy Assotsiatsiyasi vitse Prezidenti etib saylandi.
- Aholi, xususan, yoshlarimizning ham ma’nan, ham jismonan barkamol ulg‘ayishiga barchamiz birdek mas’ulmiz, - dedi Otabek Jiyanbayev. - O‘zbekiston Taekvon-Do (ITF) Milliy Assotsiatsiyasi vitse Prezidenti etib tayinlanishim zimmamdagi mas’uliyatni yanada oshiradi.
O‘zbekiston Taekvondo ITF Milliy Assotsiatsiyasi bilan imzolangan Memorandum asosida hamkorlikda o‘tkaziladigan tadbirlar, sport musobaqalari yurtimizda bu sport turining yanada rivojlanishiga hissa qo‘shishi shubhasiz.