Deputat aholi muammolarini o‘rgandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari o‘z saylov okruglarida bo‘lib, odamlarni o‘ylantirayotgan masalalarni o‘rganmoqda. Aholi bilan yuzma-yuz muloqotlarda ko‘tarilgan muammolarni tegishli mutasaddilar bilan birgalikda hal etish choralari ko‘rilmoqda.
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan saylangan Qonunchilik palatasi deputati Abdumalik Akramov Namangan viloyatining Pop tumani hududida rejalashtirilgan uchrashuvlarni o‘tkazib, saylovchilarning murojaatlarini o‘rgandi.
Xalq noibiga “Nurobod” mahalla fuqarolar yig‘ini “Do‘stlik” ko‘chasida yashovchi J.G‘oyipovdan elektr ta’minotidagi uzilishlar bo‘yicha murojaat kelib tushgan edi. O‘rganishlar natijasida ushbu ko‘chadagi transformator 198 ta xonadonni quvvat bilan yetarli ta’minlay olmayotganligi tufayli, muammolar yuzaga kelganligi aniqlandi.

Deputat tuman elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i Asrorbek Dadamirzayev bilan uchrashib, masalani atroflicha muhokama qildi. Korxona rahbari transformatorni dekabr oyi davomida almashtirib berishga va’da berdi.
Keyingi manzil – “Muruvvat” nogiron erkaklar internat uyi bo‘ldi. Mazkur maskanda 320 nafar 1-, 2- guruh nogironligi bor kishilar istiqomat qiladi. Uyg‘ursoy mahalla ahli esa ikki kundan beri ichimlik suv yo‘qligidan qiynalayotganini aytib, murojaat qildi. Xalq vakili Pop tumani hokimi A’zamjon Sultonov, hokim o‘rinbosari Ahadjon Mirzaahmedov bilan ichimlik suvi ta’minotidagi uzilish sabablarini o‘rganib chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, Chust tumanidagi ichimlik suvi bilan ta’minlovchi nasos ishdan chiqqan, suv uzatish quvurlarida yoriqlar hosil bo‘lgan. Tezkorlik bilan ichimlik suvi ta’minotini tiklash imkoni yo‘qligi uchun aholiga avtotransport vositasida suv yetkazib, murojaatlari qisman qondirildi.

Bundan tashqari deputat, tumanni Qamchiq dovoni bilan bog‘lovchi hududi – Chodak qishlog‘idagi “Maydon”, “Istiqlol”, “Chodakboshi”, “Boyon”, “Qo‘shminor”, “Yuqori Chodakboshi”, “Shayxon”, “Bog‘ishamol” va “Xonobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raislari, faollari hamda fuqarolar bilan uchrashib, murojaatlarini qabul qilib, ularga zarur tushuntirishlar berdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA